Huawei 1
“Toshkentda o‘quvchilar orasida sintetik narkotik iste’mol qilish ko‘payyapti” — Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari

O‘zbekistonda yoshlarning giyohvandlik moddalariga ruju qo‘yishi va iste’moli bo‘yicha eng ko‘p holatlar qayd etilayotgan hudud Toshkent shahri bo‘lib turibdi. Bu haqda 15-noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro tadbirdan so‘ng jurnalistlarga intervyu bergan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.

Hozirda Toshkent shahrida rasmiy statistika bo‘yicha 18−30 yosh oralig‘idagi 473 ming nafar yigit-qiz bo‘lsa, ularning 6 ming nafari og‘ir toifadagi yoshlar hisoblanadi. Durdona Rahimovaning qayd etishicha, shu 6 ming kishining 373 nafari giyohvandlik vositalariga surunkali ravishda ruju qo‘ygan va psixotrop moddalarni iste’mol qiladi.

“Bugun bunday yoshlarni narkologiya dispenserlarida davolatish, profilaktika inspektorlari va yoshlar yetakchilari orqali ular bilan doimiy muloqot qilish yo‘lga qo‘yilgan, shuningdek, ularga davlat boshqaruvi organlaridagi rahbarlar ham biriktirilgan. Bunday yoshlarning bandligi masalasiga alohida urg‘u berilyapti, hunari yoki kasbi bo‘yicha ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik yoki sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratish chora-tadbirlari ko‘rilyapti, — dedi poytaxt hokimi o‘rinbosari.

Durdona Rahimovaning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda o‘quvchilar orasida sintetik giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish holatlari ham ko‘payib boryapti.

“Afsuski, psixotrop moddalarni iste’mol qilayotgan maktab o‘quvchilari ham bor, buni inkor qilib bo‘lmaydi. Bu muammoning ijtimoiy xavfini hisobga olib, uni aniqlashdan qochmaslik kerak, deb o‘ylayman. Shu maqsadda maktablarda turli reydlar o‘tkazilyapti, 10-, 11-sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari bilan profilaktik tadbirlar olib borilyapti. Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda talabalar o‘rtasida ham bunday holatlarni aniqlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan”, — dedi u.

Hokim o‘rinbosarining ta’kidlashicha, yotoqxonalarda yashaydigan talabalarga nisbatan e’tiborni kuchaytirish, ularning kechki payt yotoqxonaga o‘z vaqtida kelishi va darsini qilishi ustidan doimiy nazoratni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha profilaktik tadbirlar ham olib borilyapti. Umuman, prokuratura, ichki ishlar, Milliy gvardiya, Yoshlar ishlari agentligi, ta’lim muassasalari va “mahalla yettiligi” bilan “hamkorlikda muntazam ish olib borilyapti”.

“Bu illatga qarshi kurashish, profilaktika tadbirlaridan tashqari yoshlarni sog‘lom rivojlantiradigan, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga yordam beradigan platforma va maydonlarni ham ko‘paytirishimiz kerak. Ularni sport, madaniyat, ilm-fan, tadbirkorlikka qanchalik ko‘p qiziqtira olsak, ularni ma’naviy jihatdan ham, jismoniy jihatdan ham shunchalik ko‘p band bo‘ladi”, — dedi Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Hakimova.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111919 | Инструменты