Ayrim xalqaro ommaviy axborot vositalarida ba’zida Ukraina boshi berk ko‘chaga kirib qolgani haqida xabarlar e’lon qilinadi. Ukrainaning Toshkentdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mikolo Doroshenko esa bu xabarlarni rad etdi. Bu haqda u 19 noyabr kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushining 1000-kuniga bag‘ishlangan brifingda so‘z ochdi.
“Menimcha, vaziyatga bunday baho berish mubolag‘a. Hozir og‘ir davrlarni boshdan kechiryapmiz va bu haqiqat. Biz ertangi kun haqida qayg‘uryapmiz va bu ham to‘g‘ri.
Ammo odamlar “bu boshi berk ko‘cha” deyishsa, bu mamlakat va uning aholisi umidsizlikka tushib qolganini, hamma narsa yo‘qolganini, umid yo‘qligini anglatadi. Va bu endi shunchaki to‘g‘ri emas. Men yaqinda Ukrainada uyda edim va havoda kelajakka jamlangan, keskin intizorlikni his qildim, lekin qo‘rquv yoki umidsizlikni emas”, deydi elchi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi o‘n yildan ortiq davom etayotgani, keng ko‘lamli bosqin deyarli uch yil oldin boshlangani va bugun bu tajovuz boshlanganiga roppa-rosa 1000 kun bo‘lganini eslatgan Doroshenko ukrainaliklar bu vaqt ichida o‘lim haqida o‘ylashga o‘rganib qolganini aytdi.
“Biz o‘limning yuziga qarashni o‘rgandik, shuning uchun biz endi undan qo‘rqmaymiz va “boshi berk ko‘chani” ko‘rmayapmiz. Biz barqaror va umidli bo‘lib qolamiz.
Rossiya qo‘shinlari Donetsk viloyatidagi eng qaynoq nuqtalar – Pokrovsk va Kuraxovoda bizning mudofaani yorib o‘tishga harakat qilmoqda. Xarkov viloyatidagi Kupyansk tahdid ostida, Zaporoje viloyatida esa Orexov tumanida keskinlik yuqori. Hech kimga sir emaski, ruslar u yerda hujum qilish uchun kuch to‘plamoqda. Bu urushning og‘ir haqiqatlari”, deydi elchi.
Uning aytishicha, hozir vaziyat og‘ir, lekin uni nazorat qilish mumkin. Ukraina qo‘shinlari hozir mobil, dinamik mudofaada. Ular hayotni saqlab qolish va Rossiyaga maksimal darajada zarar etkazish uchun manyovr qiladi.
Doroshenkoning so‘zlariga ko‘ra, to‘liq miqyosli tajovuz boshlanganidan beri Rossiya quyidagi yo‘qotishlarga duch kelgan:
Shuningdek, Ukraina Rossiya Qora dengiz flotining deyarli uchdan bir qismini yo‘q qilgan yoki ishdan chiqargan.
“Men buni “tupik” deb atamagan bo‘lardim. Yana bir fakt: Rossiya o‘z konstitutsiyasiga Ukrainaning to‘rtta viloyatini kiritgan, ammo shu kungacha ularning birortasini to‘liq nazorat qilmaydi. Bir yil oldin Putin Donetsk viloyatini, taxminan 10 ming kvadrat kilometr maydonni to‘liq bosib olishni buyurgan edi. Bugungi kunda ular ushbu hududning atigi 17 foizini egallab olishdi. Agar kimdir “tupik”da bo‘lsa, bu ruslar: ular ko‘proq odamlar va uskunalarni sarflamoqda, lekin kamroq natijalarga erishmoqda”, deydi elchi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111921 | Инструменты