Huawei 1
AQSh Adliya vazirligi Google'dan Chrome'ni sotishni talab qilmoqchi — Bloomberg

AQSh Adliya vazirligi Monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasining yuqori lavozimli xodimlari suddan “Google” kompaniyasini o‘zining “Chrome” brauzerini sotishga majburlashni so‘ramoqchi, deya xabar berdi “Bloomberg” nashri.

Ma’lum qilinishicha, 20-noyabr kuni amaldorlar avgust oyida korporatsiyani monopolist deb e’tirof etgan sudya Amit Mehtaga murojaat qilishadi.

Qayd etilishicha, Amerika ma’muriyati kompaniyani brauzerini sotishga majbur qilmoqchi, chunki u ko‘pchilik “Google” qidiruv tizimidan foydalanadigan “asosiy kirish nuqtasi” hisoblanadi.

Shu bilan birga, xabarda aytilishicha, agar boshqa choralar orqali raqobatbardosh bozorni yaratish imkoni bo‘lsa, masalan, “Apple”, “Samsung” va boshqa qurilma ishlab chiqaruvchilariga “Google” qidiruv tizimini ularning qurilmalari va veb-brauzerlarida standart holda o‘rnatilishi uchun to‘lovlarni to‘xtatish orqali, hukumat brauzer sotilishi zarurligi haqidagi qarorni keyinroq qabul qilishi mumkin.

“StatCounter” veb-trafik tahlili xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda" Chrome" bozor ulushining 61%ini egallagan, “Safari” 18%, “Edge” 5% va “Firefox” 3%ni tashkil etadi.

AQSh hukumati kompaniyani qidiruv tizimidagi natijalar va ma’lumotlarni litsenziyalash majburiyatini yuklamoqchi va veb-saytlarga ularning kontentidan “Google” sun’iy intellekt mahsulotlari foydalanishini oldini olish uchun ko‘proq imkoniyatlar bermoqchi, deya xabar berdi “Bloomberg” manbalari.

Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, monopoliyaga qarshi agentlik korporatsiyalarga Android operatsion tizimini boshqa mahsulotlar, jumladan, qidiruv tizimi va “Google Play” ilovalar do‘konidan ajratishni taklif qilmoqchi.

Agentlik suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, talablar hali o‘zgarishi mumkin. Bloomberg manbalarining ta’kidlashicha, monopoliyaga qarshi organlar “Google"ni Androidni sotishga majbur qiladigan “qattiqroq choralar"dan voz kechgan.

“Bloomberg” qayd etishicha, bu kompaniya uchun “tarixiy zarba” bo‘lishi va onlayn qidiruv bozori va sun’iy intellekt sanoatini o‘zgartirishi mumkin.

Keyingi yilning apreliga “Google” monopolist maqomidan qutulish uchun qanday choralar ko‘rishi kerakligi bo‘yicha sud majlisi tayinlangan. Yakuniy qaror 2025-yilning avgustiga qadar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111920 | Инструменты