Futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralashining 3-bosqichi 6-turidan o‘rin olgan uchrashuv bugun, 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Laosdagi uchrashuvda KXDR va O‘zbekiston milliy jamoalari to‘qnash keldi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida mehmonlar to‘liq ustunlikka erishdi. Beshinchi daqiqada Sherzod Narzullayevda imkoniyat bo‘ldi, afsuski himoyachining oyog‘i to‘pga yetmay qoldi. Keyinchalik uzoqdan Odiljon Hamrobekov, Akmal Mozgovoy zarbalar berib himoyachi va darvozabonni sinovdan o‘tkazdi.
44-daqiqaga kelib Abbosbek Fayzullayev jarima maydoni tashqarisidan ajoyib zarba yo‘lladi. Yo‘l-yo‘lakay koreyslarga tekkan to‘p darvoza tomon yo‘l oldi — 0:1.
Ikkinchi bo‘limning birinchi qismida koreyslar hujumga o‘tdi. Ammo birorta xavfli zarba yo‘llay olmadi. Uchrashuvning 80-daqiqasida Umar Eshmurodov jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va hakam penalti belgiladi. VARni ko‘rgan hakam o‘zbekistonlik himoyachiga qizil kartochka ko‘rsatdi.
Koreyaliklarning penaltisini O‘tkir Yusupov qaytardi. O‘ng tomonga sakragan o‘zbekistonlik darvozabon to‘p yo‘nalishini to‘g‘ri topdi.
O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi daqiqalarni himoyada o‘tkazdi va g‘alabani saqlab qoldi. Ushbu g‘alabdan so‘ng O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z hisobidagi ochkolari sonini 13 taga yetkazdi va A guruhida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111921 | Инструменты