Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Markaziy Osiyo universitetida "Suv diplomatiyasi bo‘yicha mintaqaviy muloqot: muammolar, yechimlar va hamkorlik" mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Ekologiya vazirligi, BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) va Global ekologik fondning "Oral botqoqliklari" tashabbusi doirasidagi qo‘shma loyihasi asosida tashkil etildi.
Anjumanda Orol dengizi havzasida chegaraoldi suvlar bo‘yicha hamkorlik, iqlimga moslashuv va suv resurslarini kompleks boshqarish, suv diplomatiyasini ilm-fan va ta’lim orqali qo‘llab-quvvatlash, ekotizimlarni saqlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish kabi yo‘nalishlarda sessiyalar o‘tkazildi. Mutaxassislar Orol mintaqasida — resurslar bilan bog‘liq kelishmovchiliklarning oldini olish va barqaror taraqqiyotga erishishda suv diplomatiyasi muhim vosita ekanligini ta’kidlashdi. Ular suv tanqisligi, iqlim o‘zgarishi va yer degradatsiyasiga qarshi ilmiy asoslangan, hamkorlikka yo‘naltirilgan yondashuvlar zarurligini qayd etishdi.
Anjumanda O‘zbekiston Kosmik tadqiqotlar agentligi — "Uzbekcosmos" mutasaddilari ham ishtirok etib, ekologik monitoring va suv resurslarini boshqarishda kosmik texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlari haqida gapirishdi.
Tadbirda yoshlar, ayollar va nodavlat tashkilotlarini suv boshqaruvi bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb qilish, ochiq muloqot va ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish zarurligi alohida ta’kidlandi. Eslatib o‘tamiz, anjuman Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlardan 50 dan ortiq mutaxassislarni bir joyga jamladi. Unda hukumat vakillari, olimlar, fuqarolik jamiyati vakillari hamda UNDP, GIZ, FAO, Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB), Xalqaro suv boshqarmasi (IWMI) va Global yashil o‘sish instituti (GGGI) kabi nufuzli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82706 | Инструменты