25-noyabr kuni Toshkent shahri ko‘chalari bo‘ylab pulli avtoturargohlarni tashkil etish huquqi uchun savdolar bo‘lib o‘tdi.
E-auksion platformasida xabar qilinishicha, auksion 2 soat 10 daqiqa davom etgan va 22 ta taklifdan so‘ng yakunlangan. G‘oliblikni Balcomuz kompaniyasi qo‘lga kiritgan bo‘lib, u lot uchun 120,15 mlrd so‘m taklif qilgan. Bu boshlang‘ich narxdan (57,2 mlrd so‘m) 2,1 barobar yuqoridir.
Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Balcomuz 2020-yilning yanvar oyida Toshkentning Yashnobod tumanida ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishi restoranlar va oziq-ovqat yetkazib berish xizmatlari hisoblanadi.
Kompaniya saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Balcom’ga 2019-yilda asos solingan va “Yaponiya an’analarini O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotiga integratsiya qilish borasida innovatoriga aylangani” aytilgan.
Kompaniya O‘zbekiston bo‘ylab qator loyihalarni amalga oshirgan. Ular orasida Central Park istirohat bog‘i, “More” suv majmuasi, Toshkentdagi TheBani hammom majmuasi, Namangan shahridagi Oxygen Development ko‘p qavatli turar joy va savdo binosi, Balcomsoft IT-xizmatlari kompaniyasi va Flamingo restorani bor.
Ta’sischilar Yaponiyaning Balcom kompaniyasi (60 foiz), shuningdek, Avazbek Shokirjon o‘g‘li Nuriddinov (20 foiz), Bobur Axatovich Akramov (10 foiz) va Anvar Olim o‘g‘li Hoshimov (10 fozi) hisoblanadi.
Kompaniya rahbari Avazbek Nuriddinov bo‘lib, u ham yuqoridagi ta’sischilar bilan birgalikda Kunugi kompaniyasida ulushga ega.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112522 | Инструменты