Huawei 1
Tug‘unbuloq yodgorligini aniqlashda yuqori tiniqlikdagi sunʼiy yo‘ldosh tasvirlari, 3D modellashtirish, geografik axborot tizimidan foydalanilgan

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Fanlar akademiyasi axborot  xizmati rahbari Gulnoza Sharofova milliy arxeologiya markazi olimlarining tadqiqotlari, yangi tarixiy topilmalar yuzasidan maʼlumot berdi:

2024 yil Milliy arxeologiya markazi professori Farhod Maqsudov va Vashington Universiteti professori Maykl Frachetti rahbarligidagi O‘zbek-Amerika qo‘shma ekspeditsiyasi Jizzax viloyati Baxmal tumani tog‘li hududida joylashgan Tug‘unbuloq arxeologik yodgorligida izlanishlarni davom ettirdi.

Bu yerda o‘zbek va amerikalik arxeologlar birinchilardan bo‘lib Markaziy Osiyoda uchuvsisiz uchish uskunasi yaʼni dronga o‘rnatilgan yuqori tiniqlikka ega Lidar skaneri bilan yurtimizning keng tog‘li hududlarini “tarab chiqish” (skanerlash) ilmiy usulini qo‘llaganlar.

Natijada, ilk va o‘rta asrlarga (6-11 asrlarga) tegishli hamda dengiz sathidan 2000 metr yuksaklikda joylashgan Tug‘unbuloq shaharchasining rejasi (plani) va tarixiy topografiyasi aniqlangan. Lidar ilmiy usulining natijalarini sinash uchun arxeologik qazishmalar olib borilgan va ushbu usulning yuqori aniqlikka ega ekani isbotlangan.

Tunkat (Ohangaron vodiysi) qadimiy yodgorligida qazishmalar jarayonida sharqdan janubga noyob markaziy devor aniqlandi. Uning ikki yonida to‘tburchak o‘lchamdagi xonalar borligi maʼlum bo‘ldi. Markaziy devorning shimolida ikkita xona aniqlandi.

Eʼtiborlisi xonalarning o‘lchamlari kichik bo‘lib, taxminlarga ko‘ra hunarmandchilik ustaxonalari bo‘lgan deyishimiz mumkin. Nisbatan kattaroq bo‘lgan xonaning pastki qismiga qora toshlar yotqizilgan bo‘lib, toshlar bir-biriga mos va tekkis etib terilganligi diqqatga sazovordir.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Axsikent arxeologiya parki va uning tarkibida qurilishi rejalashtirilgan to‘qqizta Ochiq osmon ostidagi muzeylar hududida, Milliy arxeologiya markazining bir guruh ilmiy xodimlari tomonidan arxeologik qazishma va kuzatuv-nazorat ishlari, joriy yilning mart oyidan buyon muntazam ravishda olib borilmoqda.

Jumladan, Axsikent yodgorligining 8-qazishma obyekti hududining sharqiy qismi kengaytirilib, u yerda joylashgan yer osti suv yo‘lining nazorat nuqtasi va hovuzi o‘rni ochib o‘rganildi.

Shuningdek, yodgorlikning muzeylashtirilishi mo‘ljallangan XI obyekti hududida avvalgi yillarda olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida xo‘jalik xonalari bilan birgalikda devoriy surat qoldiqlari aniqlangan edi.

Ushbu nozik topilmalarga zarar yetkazmasdan, ularni ehtiyotkorlik bilan olish maqsadida Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari bilan birgalikda ish olib borilmoqda. Joriy yilda ham mazkur ishlar davom ettirilib, bir nechta devoriy surat namunalari tuproq ostidan olish va qayta tiklashga muvaffaq bo‘lindi. Hozirda ular ustida tahlillar davom etmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100518 | Инструменты