Huawei 1
Ukrainadagi urushda qatnashgan O‘zbekiston fuqarosi uch yilga qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati Jomboy tumani sudida Ukrainadagi urushda qatnashgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoiy ish ko‘rib chiqildi

Hujjatlarda keltirilishicha, sudlanuvchi 2023-yilda Sankt-Peterburg shahrida ishlayotgan vaqtida O‘zbekiston fuqarosi bo‘la turib, nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi bo‘lmasdan, moddiy manfaatdorlik evaziga Rossiya qurolli kuchlari safiga yollangan.

Shu vaqt davomida erkak Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etib kelgan. U Rossiya fuqaroligini ham olgan. U ikki davlat o‘rtasida bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etishi uchun harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.

"Sizlarga (urushda qatnashganlarga — tahr.) pasport beryapti deyishdi. Keyin bemalol yurasiz, xohlagan ishingizni qilasiz deb aytildi. Bunday taklif kimga yoqmaydi? Hech qayerda taqiqlarga uchramasligimizni bildirib, O‘zbekiston fuqaroligi qolgan holatda harbiy guvohnoma berishdi", — deya taʼkidladi sudlanuvchi.

2023-yil oktyabr oyida sodir bo‘lgan turli hujumlar oqibatida yaralangan shaxs O‘zbekistonga qaytgan. Unga tegishli telefon tekshirilganda, Rossiya qurolli kuchlari safiga ishga kirgani bo‘yicha harbiy guvohnoma, Mudofaa vazirligiga tegishli harbiy gospitalda jarohat olgani bo‘yicha maʼlumotnoma hamda RF fuqaroligi pasporti aks etgan fotosuratlar topilgan.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 154−1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, kodeksning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llangan holda uch yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101810 | Инструменты