Huawei 1
"Ummon" guruhining sobiq a’zosi Zohid Risqiyev 7 yilgacha qamalishi mumkin

Avvalroq, 29-sentabr kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida taxminan soat 23:00 larda “Ummon” guruhining sobiq a’zosi Zohid Risqiyev ishtirokidagi mudhish yo‘l-transport hodisasi yuz bergani haqida xabar bergan edik. Unga ko'ra, xonanda BMW avtomashinasini haydab ketayotganida boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda tan jarohatlari olgan Zohid, uning ikki do‘sti kasalxonaga yotqizilgan va uning 1994-yilda tug‘ilgan Sunnat ismli yana bir do‘sti voqea joyida vafot etgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligining bergan xabarlariga ko'ra esa Zohid Risqiyev jonlantirish bo‘limida. Sun’iy nafas olish apparatiga ulangan.

So'nggi xabarlarga ko'ra, ikki haftadan beri komada bo‘lgan Zohid Risqiyev bilan sodir bo‘lgan avtohalokat tufayli jinoiy ish qo‘zg‘atilib, u o‘ziga kelganidan so‘ng jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi tergov departamenti tergovchisi Ijodbek Nishonov Zo'r TV kanalidagi ko'rsatuvda ma'lum qildi. 

“29-sentabr kuni taniqli shaxs bilan avtohalokat sodir bo‘lgan. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, qonun-qoidalarga amal qilib harakatlanishi kerak. Bu holatda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, javobgarlik esa uning oqibatidan ko‘rib chiqib belgilanadi", - deya ta'kidlagan tergovchi.

Shuningdek, bu avariyaga nima sabab bo'lganligi tushuntirildi:

"Zohid bu holatda tezlikning yuqori bo‘lganligi sababli taxminlarga ko‘ra burilishga ulgurmagan. 15 metr tormozlanish izlaridan so‘ng chorrahani chegaralab turuvchi to‘siqqa urilgan. U yerdan so‘ng qarama-qarshi to‘siqqa ham urilgan. Undan keyin aylanib temir panjaraga borib urilgan. Yuqori tezlik sabab shu holat sodir bo‘lgan. Hozir ekspertiza tayinlangan, ekspertlar aniq aytib bera olmaydi, sabab tormozlanish izlari uzilgan"

"Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasining ikkinchi qismi (yo‘l harakati xavfsizlik qoidasini buzgan holda odam vafot etishiga sabab bo‘lishi) bilan nazarda tutilgan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Uning tibbiy holati bo‘yicha ekspertiza tayinlanadi. Ekspertizadagi holati agar javobgarlikka loyiq deb topilsa, albatta masala ko‘rib chiqiladi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, aybdor shaxs komada bo‘lgani sababli shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Tergov jarayonlarida shaxs o‘ziga kelmasa jinoiy javobgarlikka javob beradigan holatda bo‘lmasa, unda jinoyat ishi vaqtinchalik to‘xtatiladi. Bu 6 oy yoki 1 yil muddatga bo‘lishi mumkin.

Barcha tergov harakatlari tugab, aybdor aniq, barcha so‘roq harakatlari, ekspertiza xulosalari chiqib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ayblash uchun asosli deb topilgandan keyin ayb e’lon qilinadi. Bu holatda aybdor shaxs Jinoyat kodeksining 266-moddasining ikkinchi qismi (yo‘l harakati xavfsizlik qoidasini buzgan holda odam vafot etishiga sabab bo‘lishi) ga ko‘ra 7 yilgacha ozodlikdan va haydovchilik guvohnomasidan 3 yilgacha mahrum qilinadi”, - deya qo'shimcha qildi Ijodbek Nishonov. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 73005 | Инструменты