"UN PUBLIC SERVICE FORUM - 2025" forumi Samarqand shahrida bo'lib o'tadi

24-26-iyun kunlari Janubiy Koreyada "UN PUBLIC SERVICE FORUM- 2024" forumi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Ushbu tadbirda O'zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Adliya vazirligi vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti boshlig'i (UNDESA) – BMT Bosh kotibi o'rinbosari Li Szyanxua ushbu xalqaro forum 2025-yilda Samarqand shahrida o'tkazilishini e'lon qildi.

Forumning yopilish marosimida ham so'zga chiqqan vazir Sherzod Shermatov o'z nutqida Samarqandda o'tadigan tadbirni yuqori saviyada tashkil etilishini ta'kidlab, ishtirokchilarni ko'hna va hamisha navqiron shaharga taklif qildi.

Shu bilan birga, ushbu forumni O'zbekistonda yuqori darajada o'tkazilishiga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.

Janubiy Koreyaga amaliy tashrif davomida vazir Sherzod Shermatov UNDESA rahbari – BMT Bosh kotibi o'rinbosari Li Szyanxua bilan uchrashuv o'tkazdi.

Muloqot avvalida UNDESA rahbari – BMT Bosh kotibi o'rinbosari mamlakatimizda elektron hukumat sohasining rivojlanish holati va bu borada BMTning elektron hukumat rivojlanishi reytingida O'zbekiston o'rnini oshirish va 2030 yilga qadar TOP-30 davlatlar qatoriga kiritish bo'yicha olib borilayotgan tizimli islohotlar va sa'y-harakatlarni yuqori baholadi.

Shu bilan birga, Li Szyanxua "UN PUBLIC SERVICE FORUM-2025" forumining 2025-yilda Samarqand shahrida bo'lib o'tishi bilan samimiy qutlab, tadbirni tashkiliy jihatdan yuqori saviyada tashkil etish bo'yicha o'z tavsiyalarini berib o'tdi.

AKT infratuzilmasini takomillashtirish, elektron hukumat reytingida O'zbekistonning mavqeini yanada yaxshilash hamda uzoq muddatli hamkorlikni davom ettirish, IT sohasida yoshlarning o'rnini yanada oshirish bo'yicha o'zaro fikr almashildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70100 | Инструменты