Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yangi hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yili dunyoda vaboga chalinish holatlari sezilarli darajada oshdi.
Xususan, 33 mamlakatda yashovchi 805 mingga yaqin kishiga ushbu kasallik tashxisi qo‘yilgan. Bemorlardan 5 ming 800 nafardan ziyodi epidemiya tufayli hayotdan ko‘z yumgan. Xavotirli jihati, bu 2023 yildagiga nisbatan qariyb 100 mingtaga, 2022 yilga qiyoslaganda esa 340 mingtaga ko‘pdir.
Yuqori o‘sish dinamikasi asosan Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqasida qayd etilgan. Jumladan, Yaman bu borada yetakchilik qildi: mamlakatda o‘tgan yili 260 mingdan ortiq yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olingan.
Shuningdek, Afrika davlatlarida ham epidemiya tarqalishi avj olgan: Sudanda 51 ming, Kongo Demokratik Respublikasida 31 ming, Efiopiyada 27 ming va Nigeriyada 24 ming nafardan ortiq kishida vabo aniqlangan.
Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, bu kasallikni jilovlash mumkin. Biroq farmatsevtika kompaniyalari past rentabellik tufayli vaboga qarshi vaksinalar ishlab chiqarishni deyarli to‘xtatib qo‘ygan.
Chunki aksariyat vabo o‘choqlari eng qashshoq mamlakatlarda aniqlanyapti. Tabiiyki, ular bunday himoya vositalarini katta miqdorda xarid qilishga qodir emas.
Qolaversa, toza ichimlik suvi taʼminoti, sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish vabo epidemiyasini to‘xtatishning yagona yechimi bo‘lib qolmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20118 | Инструменты