Yevropalik olimlar va muhandislar kelajakda Oy missiyalarining muvaffaqiyati uchun muhim bo‘lgan kichik yadroviy energiya tizimini ishlab chiqdi. Yevropaning yetakchi tashkilotlari birlashmasi tomonidan yaratilgan PULSAR loyihasi radioizotop energiya tizimi g‘oyasini taqdim etdi.
Ushbu tizim Oydagi ekstremal sharoitlarda lunoxod va boshqa kosmik kemalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan.
Oy o‘ta murakkab sharoitga ega. Quyosh energiyasi mavjud bo‘lsa-da, doim ham unga ishonib bo‘lmaydi: tun 14 kungacha cho‘zilishi mumkin, harorat esa juda past darajada bo‘ladi. Ayrim hududlarda, masalan, qutblar yaqinidagi kraterlarda, doimiy zulmat hukm suradi, bu esa quyosh batareyalarini mutlaqo foydasiz qiladi. Aynan shunday sharoitda yadro energiyasi yordamga keladi.
PULSAR tizimi tabiiy ravishda parchalanib, issiqlik chiqaradigan plutoniy-238 dan foydalanadi. Ushbu issiqlik esa ikkita Stirling dvigateli yordamida elektr energiyasiga aylantiriladi. Ushbu texnologiya 100 dan 500 Vattgacha energiya ishlab chiqaradi, bu oy yuzasida harakatlanadigan apparat yoki yuk kemasini quvvat bilan ta’minlash uchun yetarli.
PULSAR tizimining asosiy afzalliklaridan biri uning ixchamligi va samaradorligidir. An’anaviy yadro batareyalari va generatorlari katta miqdordagi yoqilg‘i talab qilishi hamda sezilarli og‘irlikka ega ekani sabab uchirish xarajatlarini oshiradi. Yangi tizim esa takomillashtirilgan Stirling dvigateli tufayli yengilroq va samaraliroq. Bundan tashqari, tizim xavfsizlik choralarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan, bu uni kosmodromdan xavfsiz uchirish imkonini beradi.
Oy tadqiqotlar uchun tobora muhim obektga aylanmoqda. Qutblar yaqinidagi doimiy soya kraterlarda suv va kislorod ishlab chiqarish uchun foydalanish mumkin bo‘lgan muz zaxiralari mavjud bo‘lishi mumkin. Biroq ishonchli energiya manbaisiz bunday missiyalarni amalga oshirib bo‘lmaydi.
Yadro energetikasi quyosh nuridan qat’i nazar, barqaror va kuchli energiya ta’minotini ta’minlaydi. Bu uni murakkab sharoitlarda uzoq muddatli missiyalar uchun mukammal yechimga aylantiradi.
PULSAR loyihasi konseptual ishlab chiqish va texnik-iqtisodiy asoslash bosqichini allaqachon yakunladi. Keyingi bosqich uni oy sharoitlariga o‘xshash sharoitda sinovdan o‘tkazish bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20116 | Инструменты