Huawei 1
Vengriyaning Lakitelek shahrida Alisher Navoiy byusti o‘rnatildi

O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Vengriyaning Lakitelek shahrida buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiyga bag'ishlab o'rnatilgan byustning ochilish marosimi bo'lib o'tdi

Ta'kidlash kerakki, ushbu byust Vengriya-O'zbekiston diplomatik aloqalari tarixida O'zbekistonga bag'ishlab Vengriyada ochilgan birinchi madaniy yodgorlik hisoblanadi. Ushbu loyiha vengriyalik haykaltarosh Dyordji Lantos tomonidan amalga oshirildi.

Ochilish marosimida O'zbekiston madaniyat vaziri birinchi o'rinbosari Avazxon Tojixonov, mamlakatimiz elchisi Oybek Shaxavdinov, O'zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti rektori Shuhrat Sirojiddinov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Ilyos Arabov va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirda Vengriya tomonidan 100 dan ortiq mehmonlar, jumladan ushbu davlat parlamenti spikeri o'rinbosari Shandor Lejak, Tashqi ishlar va savdo vazirligining xavfsizlik siyosati bo'yicha davlat kotibi Piter Staray, Madaniyat va innovatsiyalar vazirligining madaniyat masalalari bo'yicha davlat kotibi Magdolna Zavogya hamda siyosiy, madaniy doira vakillari, olimlar, jurnalistlar, diplomatik korpus vakillari qatnashdi.

Dastlab yig'ilganlar Navoiy byusti poyiga gul qo'ydilar.

Madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Avazxon Tojixonov o'z nutqida, so'nggi yillarda O'zbekiston Prezidentining bevosita tashabbuslari bilan Alisher Navoiyning boy ijodiy merosini chuqur o'rganish, uning o'lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy davlatlarda keng targ'ib qilish, xotirasini abadiylashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

U, shuningdek, turkiy dunyoning ilm-fan, madaniyat va san'at sohalaridagi taraqqiyotiga hissa qo'shgan atoqli shaxslarni taqdirlash maqsadida O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi mukofot ta'sis etilgani aytib o'tdi.

Rektor Shuhrat Sirojiddinov hozirgi kunda Tokio, Seul, Shanxay, Vashington, Moskva, Minsk, Ostona, Boku, Ashxobod, Dushanbe, O'sh kabi shaharlarda Navoiyning haykallari o'rnatilganini hamda endilikda ular qatoriga Lakitelek shahri ham qo'shilgani katta g'urur va iftixor bag'ishlayotganini bildirdi.

Elchi Oybek Shaxavdinov o'z chiqishida, Alisher Navoiyning do'stlik, inson ruhi kabi mavzularni tadqiq etishi zamon va chegaralardan oshib, uni jahon adabiyotida umuminsoniy shaxs sifatida mavqega ko'targanini qayd etdi. Uning o'zbek tili rivojiga qo'shgan hissasi, san'at va ilm-fanga homiyligi Markaziy Osiyoning madaniy manzarasini sezilarli darajada boyitganiga e'tibor qaratdi.

"Bizning oldimizda qad ko'tarib turgan yodgorlik haykaltarosh Dyordji Lantosning ajoyib ijodi bo'lib, uning badiiy yondashuvlari Navoiy ruhining mazmun-mohiyatini qamrab oladi. Lantosning ishi an'anaviy va zamonaviy uslublarni mohirlik bilan uyg'unlashtirib, madaniy qadriyatlarni chuqur tushunishini aks ettiradi" – dedi O'zbekiston elchisi.

Vengriya Parlamenti spiker o'rinbosari Shandor Lejak, o'z nutqida ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi bilan hozirgi vaqtda Vengriyaning turkiy dunyo mamlakatlari, shu jumladan O'zbekiston bilan asriy rishtalari qayta tiklanayotganini yuqori baholadi.

"Biz ota-bobolarimiz kindik qoni to'kilgan yurtga hurmatimiz belgisi sifatida qardosh o'zbek xalqining buyuk farzandi Alisher Navoiyga bag'ishlangan haykalni yurtimizda o'rnatishdan bag'oyatda mamnunmiz. Ushbu yodgorlik bugun vengr va o'zbek xalqlari o'rtasidagi o'chmas do'stlikka asos soldi. Madaniy aloqalarimizdagi bugungi tarixiy voqea munosabati bilan ikki mamlakat xalqlarini samimiy qutlayman", - dedi u.

Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi davlat kotibi Piter Staray esa Navoiy haykalining Vengriyada qad ko'tarishi Bosh vazir Viktor Orban va O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'rtasidagi yaqin do'stlik va birodarlik aloqalarining natijasidir.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Ilyos Arabov boshchiligidagi san'atkorlar jamoasi tomonidan ijro etilgan Alisher Navoiy g'azallari asosida bastalangan milliy maqom ashulalari barchaga xush kayfiyat bag'ishladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101522 | Инструменты