Huawei 1
Xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi

Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi. Bu haqda quyi palata axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Adolat” SDP va Ekologik partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari a’zolari tomonidan aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasi kuchaytirilishiga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan va Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Deputatlarning bu boradagi o‘rganishlaridan ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi yillarda davlat mulki hisoblangan umumiy foydalanishdagi bog‘lar, sayilgoh, xiyobon va daraxtzorlar hududida bino-inshootlarni qurish amaliyoti kengayib borayotgani ko‘p yillik daraxtlarning kesilishiga, atrof-muhit ifloslanishiga sabab bo‘lgan.

“Istirohat bog‘lari yerlarini mahalliy hokimiyat zaxirasiga olish va keyinchalik begonalashtirish amaliyoti kengayib borayotgani natijada esa yangidan qayta-qayta kadastr hujjatini tuzish orqali bog‘lar hududi qisqarib ketayotgani ham taassuflanarli”, — deyiladi palata bayonotida.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda madaniy hordiq maskanlari va ular hududlarining huquqiy himoyasi yetarli darajada mustahkamlanmagan. Hordiq maskanlari va ular joylashgan yerlarni xususiylashtirish, bunday obyektlar hududida bino-inshoot qurilishini ta’qiqlovchi qat’iy normalar mavjud bo‘lmagan.

Shu nuqtayi nazardan, deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasida madaniy hordiq maskanlarini, ularning yerlarini hamda ushbu yerlardagi bino-inshootni begonalashtirishni, madaniy hordiq maskanlari hududini qisqartirish, ularda bino-inshoot qurish (yengil turdagi obyektlar bundan mustasno) yoki mavjud bino-inshootni qurilish osti maydonini kengaytirishni ta’qiqlash nazarda tutilmoqda.

Bu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan botanika bog‘lari muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilmoqda. Botanika bog‘lari va ularning yerlarini ham begonalashtirish, ularning hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilish osti maydonlarini kengaytirish taqiqlanmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112522 | Инструменты