Huawei 1
Yandex Maps navigatsiyasiga o‘zbekcha ovoz qo‘shildi

Yandex Uzbekistan kompaniyasi Yandex Maps ilovasiga o‘zbek tilidagi ovozli navigatsiyani joriy qildi.

Kompaniya matbuot xizmatining xabar qilishicha, endi O‘zbekistondagi foydalanuvchilar nafaqat interfeysi, tashkilot va geografik obyekt nomlari, balki avtomobilda yo‘nalish bo‘ylab yurishga yordam beruvchi ovozli ko‘rsatmalardan ham foydalanishlari mumkin.

O‘zbekistonda har oyda 2,8 milliondan ortiq kishi Yandex Maps`dan foydalanadi, so‘nggi yilda auditoriya deyarli 50 foizga o‘sdi, deya ta’kidladi kompaniya.

iOS va Android`dagi Yandex Maps ilovasi allaqachon yangilangan. Unga o‘zbek tilidagi ko‘rsatmalar ham qo‘shilgan.

“Bizning maqsadimiz — O‘zbekiston aholisi uchun maksimal qulay bo‘lgan navigatsiya ilovasini taqdim etish. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, shahar bo‘ylab yanada qulayroq harakatlanishga yordam beradigan ovozli ko‘rsatmalar foydalanuvchilarning 87 foizida yoqilgan. Endilikda, bu nafaqat rus tilida, balki o‘zbek tilida ham mavjudligi tufayli biz maqsadimizga yanada yaqinroq keldik”, — dedi Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov.

Tilni o‘zgartirish uchun ilovani oxirgi versiyasiga yangilanishi kerak. So‘ngra profildan sozlamalarga kirib, “Xarita va interfeys” — “Til” — “O‘zbekcha” bandini tanlash lozim. Ovozli ko‘rsatmalar tilini o‘zgartirish uchun esa sozlamalarda “Tovushlar va ogohlantirishlar” — “Annotatsiya tili” — “O‘zbekcha” ni tanlash kerak.

Yandex Maps — bu piyoda yoki har qanday transport turida, masalan, avtomobil yoki avtobusda yo‘nalishlarni shakllantirishga yordam beradigan dastur. Bundan tashqari, unda kerakli joylarni qidirish ham mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122117 | Инструменты