Yangi Toshkent aeroporti Shimoliy vokzal bilan temir yo'l orqali boglanishi mumkin

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Temir yo‘l, havo va avtomobil transportida mahalliy yo‘lovchi tashuvlarini o‘zaro uyg‘unlikda kompleks rivojlantirish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Unga ko‘ra, yirik shaharlarda temir yo‘l vokzallari va aeroportlarni o‘zaro bog‘lovchi temir yo‘l tarmoqlarini bosqichma-bosqich barpo etib, ularning sonini 3 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Xususan, Strategiya doirasida quyidagi obyektlar o‘rtasida elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyalarini qurish va bog‘lashni tashkil etish nazarda tutilgan:

  1. “Toshkent-Shimoliy” temir yo‘l vokzali hamda Yangi Toshkent aeroporti;
  2. Urganch temir yo‘l vokzali hamda Urganch xalqaro aeroporti;
  3. Buxoro temir yo‘l vokzali hamda Yangi Buxoro aeroporti.

Strategiya doirasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Farg‘ona shaharlarida 6 ta yirik transport hub tashkil etish hamda aeroport, temir yo‘l vokzali va avtovokzallarni o‘zaro bog‘lovchi kamida 20 ta yangi jamoat transporti yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2028-yildan temir yo‘l, havo va avtobus qatnovlarini qamrab oluvchi “Bir yo‘l” yagona milliy raqamli transport platformasini ishga tushirish, yagona elektron chipta tizimini joriy etish hamda yo‘lovchilarga “eshikdan eshikkacha” tamoyili bo‘yicha safarni rejalashtirish imkoniyatini yaratish maqsad qilingan.

Muhokama 11-noyabrgacha davom etadi, platformada takliflarni istalgan usulda qoldirish mumkin. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102912 | Инструменты