O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi 2026-yilning 9 oyida o‘tkazgan audit tadbirlari natijasida davlat byudjetiga jami 906,5 milliard so‘m mablag‘ undirilishini ta'minladi. Shuningdek, tizimda masofaviy nazorat va sun'iy intellektni qo‘llash kengaytirilib, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Davlat auditi oliy maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2026-yilning 9 oyidagi faoliyati yakunlari yuzasidan brifing o‘tkazildi. Unda Hisob palatasi matbuot kotibi Dildora Xashimova hisobot davrida amalga oshirilgan asosiy ishlar haqida maʼlumot berdi.
Hisob palatasi tomonidan 2026-yil 9 oylik ish rejalar doirasida 84 ta audit tadbiri o‘tkazilgan bo'lib, shundan, 46 tasi masofadan tashkil etildi
O‘tkazilgan audit tadbirlari yuzasidan Prezident Administratsiyasi va Hisob palatasi tomonidan mutasaddi tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi, ularning ijrosi tizimli nazorat qilib borilmoqda.
Natijada:
1. Xarajat yo‘nalishida 2 trln so‘m moliyaviy xatoliklar aniqlanib, bartaraf etish choralari ko‘rildi, 4,2 trln so‘m maqbullashtirildi va 23,6 mlrd so‘m noqonuniy xarajatlarning oldi olindi hamda bugungi kunga qadar byudjetga 250,2 mlrd so‘m undirildi. Undirilishi lozim bo‘lgan qolgan mablag‘lar bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
2. Daromad yo‘nalishida 1,6 trln so‘mlik qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lov manbalari mavjudligi aniqlanib, shundan 656,3 mlrd so‘mi byudjetga undirildi. Qolgan mablag‘larning byudjetga tushishini taʼminlash yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
3. Davlat xaridlari sohasida 10,2 trln so‘mlik qonunchilik talablarining buzilish holatlari maʼlum bo‘ldi.
Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun 4,8 trln so‘mlik hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi, 222,3 mlrd so‘mlik hujjatlar bo‘yicha mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Barcha holatlarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish bo‘yicha vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar yuborildi.
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2026-yil 1-yarim yillik ijrosi to‘g‘risidagi hisobot tashqi auditdan o‘tkazildi.
Audit tadbirlari natijasida tizimli muammolarni bartaraf etish uchun 20 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar kiritildi. Bugungi kunda ulardan 4 tasi qabul qilindi. Qolgan loyihalar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish hamda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish ishlari davom etmoqda.
Hisob palatasining Masofaviy nazorat markazi tomonidan o‘tgan 9 oy davomida aniqlangan risklardan 17,1 trln so‘mi bartaraf etildi va 90 mlrd so‘mlik kamchiliklarning barvaqt oldi olindi.
Bundan tashqari, Hisob palatasining “Masofaviy audit” axborot tizimida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha sunʼiy intellektdan foydalanish jarayonlari avtomatlashtirildi va bugungi kunda 115 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari bartaraf etildi.
“Masofaviy audit” axborot tizimi — inson omili taʼsirini kamaytirish, tahlilni tezlashtirish va risklarni avtomatik aniqlashga xizmat qiladi. Taʼkidlash kerak, ICTWEEK Uzbekistan 2026 haftaligi doirasida Hisob palatasi “Raqamli davlat auditi bo‘yicha eng yaxshi tashkilot” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.
Davlat mablag‘laridan samarali foydalanish va islohotlar natijadorligini oshirishga qaratilgan davlat siyosati doirasida Hisob palatasi faoliyati transformatsiya qilinmoqda. Islohotlarga yo‘naltirilayotgan har bir mablag‘ning hisob-kitobi asosli, sarflanishi qonuniy, natijasi esa aniq bo‘lishi kerak. Mablag‘lardan foydalanish samaradorligini baholash, qonunbuzilishlarning oldini olish va tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha asoslangan takliflar tayyorlash ustuvor vazifamizdir. Xalqaro standartlarni qo‘llash, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish ishlari davom ettirilmoqda.
Hisob palatasi audit, axborot texnologiyalari va maʼlumotlar tahlili yo‘nalishlaridagi vakant lavozimlar uchun ilk bor ochiq tanlov eʼlon qildi. Ikki haftada 300 dan ortiq ariza kelib tushdi. Nomzodlar orasida xorijiy universitetlar bitiruvchilari, xalqaro tashkilotlarda ishlayotgan va xalqaro kasbiy sertifikatlarga ega mutaxassislar bor. Hozirda test sinovlari va tanlovning keyingi bosqichlari o‘tkazilmoqda.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Davlat auditi oliy maktabi tashkil etildi. Bakalavriat va magistratura o‘quv dasturlari QS hamda Times Higher Education reytinglarida tegishli sohalar bo‘yicha birinchi 300 talikka kirgan universitetlar tajribasi asosida ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Dasturlarga CIPFA va INTOSAI standartlari bo‘yicha ixtisoslashgan modullar kiritildi.
"Prezidentimiz taʼkidlagan “Bilimga — rag‘bat, mehnatga — imkoniyat, tashabbusga — madad” g‘oyasi bizning faoliyatimizda ham ustuvor yo‘nalishga aylanadi. Bizning vazifamiz tahlil va aniq takliflarimiz orqali islohotlar yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga hamda davlatmiz iqtisodiy manfaatlarini himoya qilib, jamiyatimiz farovonligiga xizmat qilish bo‘ladi", — deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102820 | Инструменты