O'zbekiston elchisi Muxsinxo'ja Abdurahmonov Yaponiya parlamentining Vakillar palatasi deputati, parlamentning Iqtisodiyot, savdo va sanoat qo'mitasi bosh direktori Yoshixiro Seki bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muloqot avvalida deputat Yoshixiro Seki O'zbekistonda bo'lib o'tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida qatnashish va Yaponiya delegatsiyasiga rahbarlik qilish imkoniyatiga ega bo'lganidan mamnun ekanligini bildirdi. Shuningdek, so'nggi yillarda O'zbekiston prezidenti tomonidan olib borilayotgan jadal islohotlar, jumladan, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ilgari surilgan muhim tashabbuslar, faol va pragmatik tashqi siyosat, jamiyatda parlament rolini oshirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yuksak baholadi.
"Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Toshkent shahrida o'tkazilishi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning jahon hamjamiyati tomonidan e'tirof etilishi va mamlakatning xalqaro parlament diplomatiyasidagi o'rni tobora oshib borayotganidan dalolat beradi. Yaponiya O'zbekiston bilan siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta'lim va turizm yo'nalishlarida o'zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishga katta e'tibor qaratmoqda", dedi u.
Tomonlar, shuningdek, O'zbekistonda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit natijasida mamlakatda to'g'ridan to'g'ri yapon sarmoyalari hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar soni oshib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40106 | Инструменты