Huawei 1
Yarashuv institutiga kiruvchi maʼmuriy huquqbuzarliklar doirasi kengaytirildi

2024 yil 8 oktyabrda “Huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi”gi qonun kuchga kirdi. 

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev mazkur qonunning muhim jihatlari haqidagi so‘zlab berdi:  

– Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada mamlakatda huquq-tartibotni taʼminlashda ijobiy natijalarga hamda kriminogen vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashga erishilmoqda.  

Albatta, bu borada qonun ijodkorligi, mavjud qoidalarni bugungi zamon talablariga moslashtirgan holda qonunchilikni takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.  

Yangi qonun bilan Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish kiritildi. Jumladan, sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoiy qilmish jinoiy jazo tarkibidan chiqarildi. Bu qilmish maʼmuriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkazildi. Yarashuv institutiga kiruvchi maʼmuriy huquqbuzarliklar doirasi  kengaytirildi.    

Xususan, Jinoyat kodeksining 109-moddasi birinchi qismi chiqarib tashlandi. Mazkur modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi: “Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar: a) diniy taassublar zamirida; b) bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh aʼzosi tomonidan yoxud  shu guruh manfaatlarini ko‘zlab; v) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo‘lsa, – bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.  

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 21-2-moddasida nazarda tutilgan yarashuv to‘g‘risidagi institutni qo‘llash doirasidagi moddalar soni 12 tadan 15 tagacha ko‘paytirildi. Kodeks 61-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari (oz miqdorda talon-toroj qilish), 62-moddasi (topib olingan mol-mulkni yashirish), 121-moddasi (transport vositalarining ichki jihozlariga shikast yetkazish) bilan to‘ldirildi.  

Bundan tashqari, yuqorida taʼkidlab o‘tilgan Jinoyat kodeksining 109-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan norma chiqarilib, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasida aks ettirildi.  

Yaʼni, 52-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirildi: “Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”.  

Qonun maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha yarashuv instituti taʼsir doirasini kengaytirdi. Bu inson huquqlarini yana-da ishonchli himoya qilishga, mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasining samaradorligi oshishiga hamda jinoiy jazolarning ayrim turlarini yana-da liberallashtirishga xizmat qiladi.   

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101520 | Инструменты