Bugun Buxoro viloyati sudida 1−2 iyul kunlari Nukusda sodir bo‘lgan tartibsizliklarda qatnashganlikda gumonlangan 22 kishiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqildi.
Sud majlisida davlat ayblovchisi tomonidan o‘qib eshittirilgan ayblov xulosasining qisqacha mazmuniga ko‘ra:
- D. Tajimuratov uyushgan guruh tashkil qilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining amaldagi hukumatini ag‘darib, o‘zini Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida joriy yilning 1-2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirgan;
- L. Kallixanova ushbu uyushgan guruhga birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan;
- A. Turdanov 1-2-iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarda sportchilarni ishtirok etishini ta’minlagan va D. Tajimuratovni yelkasiga o‘tkazib, Jo‘qorg‘i Kengesni egallash maqsadida olib borgan;
- A. Smetullayev va D. Djiyemuratov 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlaridan odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va o‘zi ham faol ishtirok etib, D. Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlaganlar;
- B. Kadirbergenov odamlarni ommaviy tartibsizlikka jalb qilib, Jo‘qorg‘i Kenges va Nukus xalqaro aeroporti binolarini bosib olishga da’vat qilgan;
- B. Seytniyazov Qozog‘iston Respublikasidagi "Allayar joli" diaspora a’zosi bo‘lib, ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishga va D. Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlovchi bannerlar tayyorlashga yordam bergan;
- A. Toqimbetov 2-iyul kuni Xo‘jayli tumanida yig‘ilgan odamlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi mustaqil bo‘lishi lozimligini ma’lum qilib, ularni ommaviy tartibsizlikka da’vat qilib, ularga yetakchilik qilgan;
- Q. Seytimov 2 iyul kuni Qorao‘zak tumanida odamlarni to‘plab, ularni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilib, ularga yetakchilik qilgan;
- A. Nuratdinov 2 iyul kuni Qonliko‘l tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan;
- S. Medetov 2 iyul kuni Shumanay tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan;
- N. Nayipov 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi videomurojaat tayyorlab, uni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan;
- P. Shamshetov 2 iyul kuni odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va o‘zi ham ularda faol ishtirok etgan;
- R. Bekmuratov 2 iyul kuni “Naupir” MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan-jarohat yetkazib, “PM” markali pistoletini olib qo‘ygan;
- S. Kaipov 2 iyul kuni “Naupir” MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan-jarohat yetkazgan. Bundan tashqari, separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan videomurojaat tayyorlab, uni tarqatish maqsadida saqlab kelgan;
- B. Genjebayev 2 iyul kuni Shumanay tumanida ommaviy tartibsizliklarda Farg‘ona viloyatidan kelgan o‘zbek millatiga mansub 3 nafar shaxsni to‘xtatib, ularga tan-jarohati yetkazib, 3,6 mln. so‘m miqdoridagi pullarini va qat’iy hisobdagi hujjatlarini bosqinchilik yo‘li bilan olib kuygan;
- S. Kalilayev 2 iyul kuni Kegeyli tumanida ommaviy tartibsizliklarga yetakchilik qilib, millatchilik zamirida Andijon viloyati hokimligi SHTABiga o‘t qo‘yib, mulklarini nobud qilgan;
- P. Nurniyazov 2 iyul kuni Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatini cheklash maqsadida yo‘llarni to‘sib, avtoshina yoqishda yetakchilik qilgan;
- S. Kalimov 1 iyul kunidagi ommaviy tartibsizliklar uchun ma’muriy qamoqqa olinganlarni ozod qilish maqsadida ularni saqlash joyiga hujum qilib, o‘t qo‘ygan;
- N. Sultamuratov 2 iyul kuni Nukus shahar IIO FMBga qilingan hujumda faol ishtirok etib, daraxt yoqib, yo‘llarni to‘sgan;
- A. Temirxanov 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda Xo‘jayli guzari ko‘chasida “Molotov kokteyli”dan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan;
- A. Adilbekov 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda To‘rtko‘l guzari ko‘prigida “Molotov kokteyli”dan foydalanib, huqfuqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42923 | Инструменты