Toshkentda o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining -60 kg vazn toifasi finalida o‘zbekistonlik dzyudochi Muhammadjon Masharipov jahon reytingi yetakchisi — amerikalik Jonatan Yangni qo‘shimcha vaqtda mag‘lub etib, O‘zbekistonga ushbu vaznda 24 yillik tanaffusdan so‘ng ilk oltin medalni taqdim etdi.
O‘zbekistonlik Muhammadjon Masharipov Toshkentda o‘tkazilayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, -60 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Masharipov finalda AQSH vakili Jonatan Yangga qarshi tatamiga chiqdi. Jahon reytingida birinchi o‘rinda turgan amerikalik sportchiga qarshi kechgan bellashuvning asosiy vaqtida g‘olib aniqlanmadi. Qo‘shimcha vaqt – “Golden Score”da esa o‘zbekistonlik dzyudochi ustunlikka erishib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, bu O‘zbekiston vakilining yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida -60 kilogramm vazn toifasida 24 yillik tanaffusdan so‘ng qo‘lga kiritgan ilk oltin medalidir. So‘nggi bor 2002-yilda Janubiy Koreyaning Cheju orolida o‘tkazilgan musobaqada Sanjar Zokirov ushbu vaznda jahon chempioni bo‘lgan. U finalda Qozog‘iston vakili Aset Tusupovni mag‘lub etgan.
Keyingi yillarda o‘zbekistonlik dzyudochilar mazkur vazn toifasida jahon chempionatining bir necha bor sovrindoriga aylangan. Xususan, 2008-yilda G‘abit Yesimbetov bronza, 2013-yilda Diyorbek O‘rozboyev kumush, 2024-yilda Murodil Murodillayev va 2025-yilda Samariddin Qo‘chqorov bronza medallarini qo‘lga kiritgan.
Qayd etilishicha, 2025-yilda Peruning Lima shahrida o‘tkazilgan chempionatda Jonatan Yang ham bronza medaliga sazovor bo‘lgan. Bu yil esa u finalda Muhammadjon Masharipovga imkoniyatni boy berdi.
Shuningdek, yangi jahon chempionining tayyorgarligiga 2013-yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining kumush medali sohibi Diyorbek O‘rozboyev mas’ul bo‘lgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112116 | Инструменты