Huawei 1
Hindistonlik shaxmatchi “Tashkent open-2025” g‘olibligini qo‘lga kiritdi

Toshkentdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida o‘n kun davomida shiddatli kurashlarga boy bo‘lgan Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan XVIII “Tashkent open-2025” xalqaro turniri yakunlandi.

Mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning “A” guruhidagi so‘nggi 10-turidagi markaziy uchrashuvda hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov oq donalarda Nihal Sarin bilan ro‘baro‘ keldi.

Qiziqarli o‘tgan bahsda o‘tgan yili Toshkentda kechgan “Prezident kubogi” turnirida 1-o‘rinni egallagan hindistonlik Sarin g‘alabaga teng durangga erishishi natijasida 8 ochko jamg‘argan holda xalqaro turnir g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

Ushbu turda Abximanyu Puranik(Hindiston) –Aleksandr Indjich (Serbiya), Narayanan Sunildut Layn(Hindiston) – Sanan Syugirov(Vengriya) qarama-qarshiligidagi o‘yinlarda tomonlar murosa yo‘lini tanlashi natijasida 3 nafar shaxmatchi: Syugirov, Puranik va Vohidov 7,5 ochkoga ega bo‘ldi.

Bu esa o‘tgan turlardagi natijalar sarhisobiga ko‘ra, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga Sanan Syugirovning ikkinchi, Abximanyu Puranikning uchinchi hamda Shamsiddin Vohidovning 4-o‘rindan joy olishiga olib keldi.

Aytish lozim, turnirning “A” guruhida 16 davlatdan 158 nafar shaxmatchi ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 106 nafari xalqaro unvon sohiblari ekanligi ham musobaqalarning har bir turida ochkolar uchun kurash murosasiz kechishini taʼminladi.

O‘zbekiston terma jamoasi aʼzolaridan Humoyun Bekmuratov 7 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 9-o‘rinni, Almas Rahmatullayev 13-o‘rinni, Muhammadzohid Suyarov 15-o‘rinni, Muhiddin Madaminov 16-o‘rinni egalladi.

Hamyurtlarimizdan Humoyun Bekmuratov Xalqaro grossmeysterlik unvonining 2-talabini, Bahrom Bahrillayev Xalqaro toifadagi sport ustasi unvonining barcha talablarini bajarishga muvaffaq bo‘lgani eʼtiborli bo‘ldi.

XVIII “Tashkent open-2025” xalqaro turnirining “V” guruhida 8 davlatdan 185 nafar sportchi ishtirok etgan bo‘lsa, 10-tur yakunlariga ko‘ra, g‘oliblikka 8 ochko jamg‘argan hamyurtimiz Muhammadsolih Rahmatullayev erishdi. 2-o‘rinni ozarbayjonlik  Emil Mehrailiyev(8 ochko), 3-o‘rin terma jamoamiz aʼzosi Rustambek Erkinovga nasib etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40205 | Инструменты