Huawei 1
Jazoir boks federatsiyasi Iman Halif bilan bog‘liq mojarodan keyin IBA tashkilotini tark etdi

Jazoir boks federatsiyasi Xalqaro boks assotsiatsiyasiga (IBA) muqobil ravishda tashkil etilgan World Boxing Butunjahon boks tashkilotiga qo‘shildi. Avvalroq World Boxing Parij Olimpiadasida mojarolar ostida qolgan jazoirlik bokschi Iman Halifni qo‘llab-quvvatlagan edi.

“Yaponiya va Jazoir milliy boks federatsiyalari World Boxing tashkilotiga eng so‘nggi bo‘lib qo‘shilgan davlatlardir. Demak, boks Olimpiya harakatining markazida bo‘lib qolishi uchun tashkil etilgan yangi xalqaro federatsiya endilikda xalqaro boks musobaqalarida ishtirok etuvchi barcha besh qit’adan 44 nafar a’zoga ega”, deyiladi World Boxing bayonotida.

10-avgust kuni boks bo‘yicha ayollar o‘rtasida 66 kilogramm vazn toifasida o‘tkazilgan musobaqada Olimpiada oltinini qo‘lga kiritgan Halif Parij o‘yinlarida o‘zining jinsi bilan bog‘liq bahslar markazida qolgandi.

2023-yilda gender testlari muvaffaqiyatsiz yakunlangani uchun jazoirlik sportchi Xalqaro boks federatsiyasi (IBA) boshchiligida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha Jahon chempionatidan diskvalifikatsiya qilingandi. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) bu gender testlarini noqonuniy deb atadi.

World Boxing 2023-yil aprel oyida IBA’ga muqobil sifatida va boksni Olimpiya harakatida saqlab qolish maqsadida tashkil etilgan. Tashkilot XOQ tomonidan tan olinishiga erishish niyatida. Avvalroq XOQ sport direktori Kit Makkonel Jahon boks vakillari bilan bir necha uchrashuvlar bo‘lib o‘tganini, ularda ushbu tashkilotni rasman tan olishning turli jihatlari muhokama qilinganini ma’lum qilgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91721 | Инструменты