Germaniyaning Vayssenxaus shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tayotgan "Freestyle Chess Grand Slam" xalqaro turnirida hamyurtimiz Javohir Sindorov ortda qolgan beshta turning 4 tasida g‘alabaga erishgan bo‘lsa, 1 ta turda durang qayd etdi.
Mukofot jamg‘armasi 750 ming AQSH dollaridan iborat turnirda Javohir 1-turda germaniyalik Vinsent Kaymerdan, 2-turda amerikalik Levon Aronyandan, 3-turda sloveniyalik Vladimir Fedoseyevdan va 5-turda sobiq jahon chempioni norvegiyalik Magnus Karlsendan ustun keldi.
4-turda amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan murosa yo‘li tanlandi. Ushbu turning 44-yurish holatidagi kichik chekinish uchrashuv durang bilan yakunlanishiga olib keldi.
Birinchi raqamli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov Germaniya turnirining ilk uchrashuvida Gukesh bilan, 2-turda Xikaru Nakamura, 3-turda Fabiano Karuana bilan murosa yo‘lini tanladi. 4-turda Vinsent Kaymerga ochko taqdim etdi va 5-turda Vladimir Fedoseyevni mag‘lub etdi. Bu, Abdusattorovning 2,5 ochko jamg‘arishiga olib keldi.
Bugun, 8-fevral kuni o‘tkaziladigan qolgan tur o‘yinlari oldidan Javohir Sindorov 4,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 2-o‘rinni band etib turibdi.
Birinchi o‘rinni egallagan amerikalik Fabiano Karuana ham 4,5 ochko jamg‘argan. Nodirbek Abdusattorov 2,5 ochko bilan 4-pog‘onani band etgan.
Bugun kun davomida 6, 7, 8, 9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Sindorov ushbu turlarda Xikaru Nakamura, Fabiano Karuana, Alireza Firuzja hamda Nodirbek Abdusattorov bilan ro‘baro‘ keladi.
Nodirbek Abdusattorov Magnus Karlsen, Alireza Firuzja va Levon Aronyanga qarshi dona suradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20817 | Инструменты