Belbog'li kurash bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi a'zolari Hindistonda bo'lib o'tgan xalqaro turnirda 20 ta medalni qo'lga kiritdi.
Haryana shtatining Rotak shahrida tashkil etilgan Yoshlar festivali doirasida o'tkazilgan musobaqada O'zbekiston, Hindiston va Rossiya kurashchilari ishtirok etdi.
Polvonlar belbog'li kurashning klassik va erkin yo'nalishlarida o'zaro kuch sinashish uchun gilamga chiqdi.
Mamlakatimiz vakillari turli vaznlarda 20 ta medalni qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi. Hanaboy O'rayimov, Abbos Ahmadjonov, Murodjon Hamidov, Dostonbek Obidjonov, Samandar Abdusalomov, Azimjon Yo'ldoshev, Farangiz Abdunabiyeva va Shirinoy Yo'ldosheva oltin medallarni qo'lga kiritdi va ularning sharafiga davlatimiz madhiyasi sadolari ostida bayrog'imiz ko'tarildi.
– Ayollar o'rtasida 50 kg vazn toifasida birinchi o'rinni qo'lga kiritganimdan xursandman, – dedi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, belbog'li kurash bo'yicha jahon chempioni, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Farangiz Abdunabiyeva. – Ushbu musobaqa O'zbekiston, Hindiston va Rossiya o'rtasida sport sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga hissa qo'shishiga ishonamiz. Biz xalqaro turnir tashkilotchilariga, jumladan, O'zbekiston elchixonasiga amalga oshirilgan tashkiliy ishlar va turnir yuqori darajada o'tkazilgani uchun minnatdorlik bildiramiz.
– Turnirda 20 kishilikdan ortiq delegatsiya bilan qatnashdik, – dedi O'zbekiston Belbog'li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov. – Biz Hindiston va Rossiya vakillari bilan ushbu do'stlik turnirini har yili an'anaviy tarzda o'tkazishga kelishib oldik. 2026 yil musobaqani O'zbekistonda qabul qilamiz. Gilamda bo'lib o'tgan qizg'in bellashuvlar milliy sport turimiz xalqaro maydonda yanada ommalashib borayotganini namoyish etganidan mamnun bo'ldik.
Joriy yil belbog'li kurash bo'yicha qator xalqaro musobaqalar o'tkazilishi belgilangan. Ulardan eng yirigi – jahon chempionatini may oyida Nukus shahri qabul qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40115 | Инструменты