Huawei 1
World Boxing xalqaro tashkiloti prezidenti O‘zbekistonga keldi

7-oktabr kuni World Boxing xalqaro tashkiloti prezidenti Boris van der Vorst O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda uni Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov, qo‘mita raisi o‘rinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Po‘latov hamda MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov qarshi olishdi. Dastavval van der Vorstga MOQning faoliyati, o‘zbek sportining shonli tarixi haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng tomonlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Boris van der Vorst tashkilot faoliyati, uning maqsadlari haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, bugungi kunga kelib, 49 davlat ushbu xalqaro federatsiyaga a’zo bo‘lib, boks rivoji bo‘yicha kelgusida qator istiqbolli loyihalar rejalashtirilgan. Suhbat davomida boks bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasining Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida 7 ta vazndan 5 tasida oltin medalni qo‘lga kiritgani, bugungi kunda O‘zbekiston boks olamida jahonda yetakchilardan biri ekani ham tilga olindi. Qolaversa, rasmiylar boksning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturida saqlanib qolishi tarafdori ekanini bildirishdi.

Uchrashuvdan so‘ng tashkilot prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida O‘zbekistonga tashrifi haqida fikr bildirib, mamlakatdan qo‘llov olganidan xursandligini yozdi.

“Olimpiya o‘yinlari dasturida boks sportini saqlab qolish missiyamiz O‘zbekistonda ham juda qizg‘in vaqt davom etmoqda. @olympic.uz [O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasi] va @boxinguzbekistan_official [O‘zbekiston boks federatsiyasi] bilan uchrashuv davomida men ushbu go‘zal mamlakatni Parij 2024-dagi ajoyib yutug‘i bilan tabriklash imkoniyatiga ega bo‘ldim. Beshta oltin medal — 21-asrning eng yaxshi natijasini takrorlash-haqiqatan ham aql bovar qilmaydi”, — deya qayd etgan u.

Bundan tashqari, rasmiy vakillar bilan birgalikda biz dunyodagi har bir sport zalida har bir bokschining Olimpiya orzularini saqlab qolish muhimligini muhokama qildik. Tashkiloti boks olamida ustunlikka ega O‘zbekiston tomonidan kuchli qo‘llov olganimizdan xursandman, deb qo‘shimcha qildi Boris van der Vorst.

Tadbir bo‘yicha e’lon qilingan xabarlarda, shuningdek, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Boks federatsiyasi xodimlarining “Gazeta.uz” so‘roviga bergan javobida mamlakatning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishi yoki yo‘qligi haqida ma’lumot berilmadi.

world boxing, boks federatsiyasi, борис van der ворст, моқ, sport

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122211 | Инструменты