19 ta davlat BRICS blokiga a'zo bo'lish uchun ariza topshirdi

Janubiy Afrikadagi yillik sammit arafasida 19 ta davlat BRICS guruhiga qo'shilish istagini bildirgan. Bu haqda Bloomberg nashri xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrikani o'z ichiga olgan blok 2-3-iyun kunlari Keyptaun shahrida yig'ilib, guruhni kengaytirishni muhokama qiladi.

"Yig'ilishda BRICSning kengayishi va buni amalga oshirish shartlari muhokama qilinadi. Hozirgacha 13 ta davlat rasman guruhga qo'shilishni so'ragan, yana oltitasi norasmiy so'rov yo'llagan. Biz har kuni arizalarni qabul qilmoqdamiz", - dedi guruhdagi Janubiy Afrika elchisi.

Bloomberg nashrining qayd etishicha, Xitoy o'tgan yili BRICS raisi bo'lganida kengayish haqida so'z ochgan, chunki dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi rivojlangan davlatlarning hukmronligiga qarshi turish uchun diplomatik ta'sir o'tkazishga harakat qilmoqda.

Taklif etilayotgan kengayish, ayniqsa Pekinning yaqin ittifoqchilarini qabul qilinishi, boshqa a'zo davlatlarda xavotir uyg'otdi, chunki ularning ta'siri zaiflashishi mumkin. Hozirda Xitoyning yalpi ichki mahsuloti BRICSga aʼzo boshqa to'rt davlatning umumiy iqtisodiyotidan ikki baravar ko'p.

Ma'lumot o'rnida, 2006-yilda BRIC sifatida tashkil etilganidan beri guruh 2010-yilda faqat bitta yangi a'zoni - Janubiy Afrikani o'z safiga qo'shgan.

Saudiya Arabistoni va Eron guruhga rasman a’zo bo'lishni so'ragan davlatlar qatoriga kiradi.

Qo'shilish istagini bildirgan boshqa davlatlar qatorida Argentina, Birlashgan Arab Amirliklari, Jazoir, Misr, Bahrayn va Indoneziya, shuningdek, Sharqiy Afrikadan ikki va G‘arbiy Afrikadan bir davlat bor, deb yozadi Bloomberg.

Eslatib o'tamiz, avvalroq Braziliya prezidenti BRICS doirasidagi savdo uchun dollarga muqobil valyuta tanlashni taklif qilgan edi.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51519 | Инструменты