O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning Saravak universiteti (Universiti Malaysia Sarawak – UNIMAS) rektori Axmat Xata bin Rasit bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Universitet rektori joriy yil may oyidagi respublikaga tashrifi davomida barcha jabhalarda, xususan oliy ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga shaxsan guvoh bo'lganini ta'kidladi. Respublika boy ma'naviy va intellektual merosi hamda ilm-fan sohasidagi zamonaviy izlanish va yutuqlarga asoslangan holda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish strategiyasini yuksak baholadi. Olib borilayotgan sa'y-harakatlar natijasida respublika ilm-fan va madaniyat sohasida mavqeini mustahkamlab borayotganini, shu o'rinda 2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o'tkazilishi rejalashtirilganini alohida urg'uladi.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning O'zbekistonga tashrifi doirasida Samarqand shahrida respublika davlat va xususiy oliygohlari bilan imzolangan hamkorlik hujjatlarini amaliy loyihalar bilan boyitish hamda yaqin istiqbolda qo'shma ta'lim va tadqiqot dasturlarini yo'lga qo'yish rejalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida 2025-yilning birinchi choragidan biznes boshqaruvi, axborot texnologiyalari va boshqa o'zaro qiziqish kasb etuvchi yo'nalishlarda qo'shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish maqsadida respublika universitetlari negizida ta'lim markazlarini tashkil qilish hamda joriy yil oxirida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan o'qituvchi va talabalar almashinuvini yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Malayziyaning Saravak universiteti 1992-yilda tashkil etilgan. U "Times Higher Education" yetakchi yosh universitetlar reytingida 301-o'rinni egallagan. Bugungi kunda oliygohda 12 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. O'zbekistonning Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Renessans universiteti, Xalqaro moliyaviy texnologiya va fan maktabi (ISFT instituti) bilan shartnoma va memorandumlar imzolangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111520 | Инструменты