Huawei 1
«AQSH eng kuchli harbiy uskunalarni ishlab chiqaradi va Isroilda ular juda ko‘p» – Tramp Eronga tahdid qildi

13 iyun kuni tong sahardan boshlangan Isroilning Eronga hujumi va Tehronning javob zarbalari ortidan AQSH prezidenti Donald Tramp to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidlar bilan Eronga murojaat qildi.

«Men Eronga kelishuv tuzish uchun bir necha bor imkoniyat berdim. Ularga eng qatʼiy so‘zlar bilan «shunchaki bajaringlar» deb aytdim, lekin ular qancha harakat qilmasin, qanchalik yaqinlashmasin, baribir bunga erisha olmadi», deb yozgan AQSH yetakchisi o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Tramp bayonotida Eronga berilgan takliflari eʼtiborsiz qolgani hamda AQSH va Isroilning harbiy kuchini oshkora ko‘rsatishni xohlagan.

«Men ularga bu ularning bilgan, kutgan yoki ularga aytilgan hamma narsadan ancha yomonroq bo‘lishini aytdim. Qo‘shma Shtatlar dunyodagi eng kuchli va o‘ldiruvchi harbiy uskunalarni ishlab chiqarishini, bu jihatdan hech kim yoniga yaqinlasha olmasligini va Isroilda ularning juda ko‘pi borligini, yana ko‘plari yo‘lda ekanini aytdim. Ular [Isroil harbiylari] bu uskunalardan qanday foydalanishni bilishadi», degan Tramp.

Shuningdek, AQSH yetakchisi Eronning o‘ldirilgan harbiy generallariga ham to‘xtalgan.

«Ayrim eronlik ashaddiylar jasorat bilan gapirishdi, ammo ular nimalar bo‘layotganini bilmasdi. Ularning barchasi endi O‘LDI va bu faqat yomonlashadi! Allaqachon katta o‘lim va vayronagarchilik sodir bo‘ldi, ammo oldindan rejalashtirilgan keyingi hujumlar bundan-da shafqatsizroq bo‘lishidan oldin bu qirg‘inni to‘xtatish uchun hali vaqt bor.

Eron hech narsa qolmasidan oldin kelishuv tuzishi kerak va ilgari «Eron imperiyasi» deb tanilgan narsani saqlab qolishi kerak. Endi o‘lim bo‘lmasin, endi vayronagarchilik bo‘lmasin, shunchaki bajaringlar – kech bo‘lishidan oldin», degan Tramp.

Keyingi postida Tramp Eronga yana imkoniyat berilganini taʼkidlagan.

«2 oy oldin Eronga «kelishuv tuzish» uchun 60 kunlik ultimatum berdim. Ular buni amalga oshirishi kerak edi! Bugun 61-kun. Men ularga nima qilish kerakligini aytdim, lekin ular bunga erisha olmadi. Endi ularda ehtimol, ikkinchi imkoniyat bor!» deb yozgan Tramp.

Trampning faol harbiy mojaro vaqtida yozgan «og‘ir murojaati» mohiyatan tahdid va bosimga o‘xshagan. Tramp bu nutqi bilan Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy salohiyat mavjudligini urg‘ulagan hamda uning yadroviy dasturiga qarshi har qanday vositani ishga solish mumkinligiga ishora qilmoqda.

Ushbu bayonotda muzokara eshigi ochiq, ammo faqat AQSH shartlari asosida qabilida yo‘l tutilgan. Shu bilan birga Eron rasmiylari ham bu bayonotni ultimatum deb baholashi va bu urush uchun ichki propagandaga ham xizmat qilishi mumkin. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61501 | Инструменты