Huawei 1
AQSh Kanada va Meksikadan kelgan avtomobillarni bir oy muddatga bojdan ozod qildi

AQShga import qilinadigan Kanada va Meksika avtomobillari yangi 25 foizlik bojxona to‘lovlaridan bir oyga ozod etiladi. Bu bojlar ilgari AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan edi. Bu haqda 5-mart, chorshanba kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ma’lum qildi.

Tramp administratsiyasi ushbu qarorni Ford, General Motors va Stellantis kabi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazgach qabul qilgan. Livittning so‘zlariga ko‘ra, prezident Tramp kompaniyalarga bir oylik kechikish berib, “ularning iqtisodiy yo‘qotishlarga uchrashining oldini olishni” maqsad qilgan.

“Biz USMCA doirasida olib kirilayotgan barcha avtomobillar uchun bir oylik imtiyoz taqdim etamiz”, — dedi Livitt.

USMCA — bu Shimoliy Amerika erkin savdo kelishuvi bo‘lib, AQSh, Meksika va Kanada tomonidan Trampning birinchi prezidentlik davrida imzolangan.

Trampning import bojlari

AQShda 4-mart, seshanba kunidan boshlab Kanada va Meksikadan olib kiriladigan deyarli barcha tovarlarga 25 foizlik bojxona to‘lovlari kuchga kirdi. Bu choralar AQSh prezidenti ushbu davlatlar noqonuniy giyohvand moddalar, xususan, fentanilning AQShga kirib kelishiga qarshi yetarli choralar ko‘rmayotganini aytganidan bir necha soat o‘tib kuchga kirdi, deb xabar beradi Reuters.

Oq uy tomonidan qabul qilingan ushbu qaror “AQShning yirik savdo hamkorlari bilan yangi ziddiyatlarni keltirib chiqardi”, deya ta’kidlaydi agentlik. Kanada bosh vaziri Jyastin Tryudo AQSh mahsulotlariga javob tariqasida boj joriy etishini e’lon qildi, Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum esa Vashingtonga qarshi “tarif va no-tarif choralar” bilan javob berishini avvalroq bildirgan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30616 | Инструменты