Huawei 1
Arab mamlakatlari va Turkiya Shvetsiyada Qur’onning yoqib yuborilishini keskin qoraladi

Avvalroq, Shvetsiyadagi Turkiya elchixonasi oldida o‘tkazilgan namoyishda Qur’on yoqib yuborilgani haqida xabar bergan edik. Arab mamlakatlari va Turkiya Tashqi ishlar vazirliklari ushbu holatni keskin qoraladi.

Shvetsiyaning ultra o‘ngchi “Qattiq kelishuv” partiyasi rahbari Rasmus Paludan Stokgolmdagi Turkiya elchixonasi oldida Qur’onni yoqish mitingini o‘tkazishga ruxsat olgan. Paludan aksiyani 21-yanvar kuni o‘tkazdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Qur’onning yoqilishini Yevropada islomofobiya, irqchilik va diskriminatsiyaning qay darajada ekanini ko‘rsatadi, deb ta’kidladi.

O‘sha kuni Shvetsiyada Turkiyaga qarshi yangi namoyishlar ham bo‘lib o‘tdi. Stokgolm Anqaradan mamlakatning NATOga kirishiga to‘siq bo‘lmaslikni so‘ramoqda, Turkiya esa terrorchi deb atagan kurd faollarini topshirishni talab qilmoqda. Bo‘layotgan voqealar fonida Anqara Shvetsiya mudofaa vazirining Turkiyaga tashrifini bekor qildi.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Shvetsiyada musulmonlar uchun muqaddas kitobni yoqish bo‘yicha amalga oshirilgan harakatni keskin qoralashini ma’lum qildi.

“Qirollik muloqot, bag‘rikenglik va tinch-totuv yashash qadriyatlarini yoyish hamda nafrat va ekstremizmdan voz kechish muhimligi haqidagi qat’iy pozitsiyasini tasdiqlaydi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Kuvayt Tashqi ishlar vazirligi bu kabi harakatlar “dunyo musulmonlari orasida g‘azabga sabab bo‘lishi va xavfli provokatsiyaga aylanishi mumkinligi” haqida ogohlantirdi.

Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi “diniy ramzlarni hurmat qilish, dinlar va ularning ziyoratgohlarini haqorat qilishdan tiyilish”ga chaqirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121910 | Инструменты