Huawei 1
Armaniston Hindistondan Pralay ballistik raketalarini sotib olishni rejalashtirmoqda

Armaniston hukumati Hindiston rahbariyatiga Pralay ballistik raketalarini sotib olish bo‘yicha murojaat yuborgan. Bu haqda Dehlidagi Indian Defense Research Wing nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Armaniston hukumati qo‘shni mamlakatlar bilan harbiy raqobat kuchayishi ortidan ballistik raketalarga qiziqish bildira boshlagan. Mamlakat mudofaa va harbiy salohiyatini kuchaytirish uchun Yerevan Dehlini hamkor sifatida tanlagan. Armaniston qiziqish bildirgan Pralay raketasi kvazi-ballistik qurilma hisoblanadi. U qattiq yoqilg‘ili raketa bo‘lib, “yer-yer” tipida harakatlanadi.

Hindiston rasmiylari aytishicha, Pralay havoda yonlama trayektoriya bo‘ylab 150 kilometrdan 500 kilometrgacha masofadagi nishonlarga halokatli zarbalar bera oladi.

Armanistonning Hindiston bilan hamkorlik qilish qaroriga Bokudagi maʼmuriyatning yangi harbiy shartnomalari sabab bo‘lgani aytilgan. Avvalroq Ozarbayjon Isroil bilan ittifoqchilik doirasida mamlakatga LORA ballistik raketa tizimlarini olib kelgan edi. Bu tizimlar Qorabog‘ va unga yondosh tog‘li hududlarga o‘rnatilgan.

Hozircha Hindiston hukumati Armaniston taklifini to‘liq o‘rganib chiqmagan. Kelishuvga erishilgan taqdirda qancha va qanday qiymatdagi raketalar yetkazib berilishi haqida ham maʼlumot berilmagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100510 | Инструменты