Huawei 1
Bill Geyts milliarder bo‘lishda yordam bergan bolaligidagi odati haqida aytib berdi

Geytsning aytishicha, aynan bolaligida do‘stlari bilan sayr qilib, tashqi dunyoni kashf etishga, xonasida soatlab kitob o‘qish va chuqur mulohaza yuritishga sarflagan vaqtlari unga 3,26 trillion dollarlik kompaniyani tashkil etishda yordam bergan, deb yozadi CNBC.

“Sal bezovta bo‘lsam yoki zeriksam yoxud yomon xulq-atvorim tufayli muammolarga duch kelsam, xonamga qamalib kitoblarga yoki g‘oyalarga sho‘ng‘ib ketardim, ko‘pincha soatlab tanaffus qilmasdim. Bekorchilikni chuqur mulohaza va o‘rganishga aylantirish qobiliyati shaxsiyatimning asosiy qismiga aylangan”, — deydi u. “Bular keyingi muvaffaqiyatimda ham hal qiluvchi rol o‘ynadi”.

Geyts o‘z blogida Nyu York universiteti ijtimoiy psixologi Jonatan Haydning “Tashvishli avlod” kitobini tavsiya etgan. Haydning fikricha, smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlarning keng tarqalishi yoshlar orasida hozirgi ruhiy salomatlik inqiroziga, shuningdek, Z avlod vakillarida yolg‘izlik va tushkunlik darajasining oshishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Geytsning so‘zlariga ko‘ra, uning bolaligi ijodiy fikrlashga ilhomlantiradigan o‘yinlarga asoslangan, bunday o‘yinlarning foydasini tadqiqotlar tasdiqlagan. Hozirgi bolalar esa telefonlarga mukkasidan ketgan.

“Diqqatni jamlash mushaklarga o‘xshaydi, doimiy chalg‘ishlar va ijtimoiy tarmoqlarga o‘rganib qolish uning rivojlanishini juda qiyinlashtiradi”, — deydi Geyts.

Butun faoliyati davomida milliarder o‘z muvaffaqiyatini ko‘pincha kitob o‘qish va yolg‘iz qolish odati bilan bog‘lab kelgan.

1990 yillarda Microsoft bosh direktori juda ko‘p kitob va texnik hujjatlarni olib, xilvat joydagi uyda yolg‘iz vaqt o‘tkazgan hamda buni “Mulohaza haftaligi” deb atagan. Bu davrlar mobaynida Geyts o‘zini “uzluksiz diqqat-eʼtibor”ga bag‘ishlagan. U hatto elektron pochtasini tekshirmasdi — buni “hech qanday chalg‘ishlarsiz kelajak haqida o‘qish, fikr yuritish va yozish” imkoniyati bilan izohlagan.

Geytsning bir necha haftalik chuqur e’tibori Microsoft kompaniyasining Internet Explorer brauzerini yaratish kabi ulkan g‘oyalarni rivojlantirgan. Shu bilan birga, Geyts o‘zi va Microsoft tomonidan ommalashtirilgan texnologiyalar hozir odamlarning bunday innovatsiyalar uchun zarur bo‘lgan chuqur fikrlashiga to‘sqinlik qilishi mumkinligini aytdi.

“Biz hamkasblarimiz, turmush o‘rtog‘imiz, farzandlarimiz, uy hayvonlari va texnologiyalarga chalg‘imasdan, ongimizni jamlashga imkon beradigan muhit yaratishimiz zarur. Aks holda, hech qachon muhim vazifalarga diqqat qarata olmaymiz”, — deb ta’kidlaydi samaradorlik bo‘yicha mutaxassis Lora Stek.

Bill Geyts Microsoft hammuassisi bo‘lish uchun kollejni tark etgan paytlarida, milliarder bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan. Biroq uning g‘ayrati va matonati hayratlanarli yutuqlarga olib keldi. Hozirgi kunda Geyts biologiya, fizika va iqlim o‘zgarishi fanlari bilan shug‘ullanmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121200 | Инструменты