Buyuk Britaniya hukumati 2027 yilgacha mudofaa xarajatlarini YaIMning 2,5 foiziga yetkazadi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Kir Starmer ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi parlament vakolatlari tugaydigan 2029 yilga borib ushbu xarajatlar YaIMning 3 foiziga qadar oshadi.
«Hukumat sovuq urush tugaganidan beri mudofaa xarajatlarini eng katta oshirish ustida ish boshlaydi», — deydi hukumat rahbari Britaniya parlamenti quyi palatasidagi chiqishida.
Mudofaa xarajatlari rivojlanayotgan davlatlarga ko‘rsatiladigan yordamlar YaIMning 0,5 foizidan 0,3 foiziga qadar qisqartirilishi evaziga oshiriladi. Starmerning qo‘shimcha qilishicha, hukumat mamlakat xavfsizligi uchun shunday qiyin tanlovni amalga oshirishga majbur.
Reuters agentligining yozishicha, Buyuk Britaniya YaIMning 3 foizini mudofaa uchun oxirgi marta 1993-1994 yillarda sarflagan. Hozirda mamlakat mudofaa uchun YaIMning 2,3 foizini yo‘naltiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22618 | Инструменты