Londondagi Vestminster abbatligida 6-may, shanba kuni Charlz III hamda qirolicha Kamillaning toj kiyish marosimi doirasida tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Rasmiy ravishda Charlz III onasi qirolicha Yelizaveta II vafotidan bir kun o‘tib, 2022-yil 8-sentabrda qirol bo‘lgan edi.
Toj kiyish marosimi ikki soat davom etdi va bir necha bosqichdan iborat bo’ldi.
Birinchi bosqich davomida Charlz III dunyoning to'rt tomoniga qaradi, shundan so'ng u "shubhasiz qirol" deb e'lon qilindi va hozir bo'lganlar unga sodiq xizmat qilishga qasamyod qildilar.
Keyin Charlz III qirollik qasamyodini qabul qildi.
Shundan so'ng, qirol 1300-yilda tayyorlangan toj kiydirish kursisiga o'tirdi va arxiyepiskop monarxning peshonasiga, ko'kragiga va qo'llariga muqaddas moy bilan xoch chizdi. Marosimning bu qismi eng muqaddas hisoblangani uchun ommadan yashirildi.
Keyingi, eng tantanali bosqichda Charlz III ga toj kiydirildi: u hayotida ilk marta Avliyo Eduard tojini kiydi.Marosimning yakuniy bosqichida qirol taxtga o'tirdi.
Shunday qilib, Charlz III 1066-yildan beri Vestminster abbatligida toj kiygan 40-chi monarxga aylandi.Ma’lumotlarga ko’ra, marosimiga 2,3 mingga yaqin kishi taklif etilgan, ular orasida qirollik oilasi a’zolari, 203 davlat vakillari, shuningdek, jamoat va xayriya arboblari bor. Marosimda 100 ga yaqin davlat rahbarlari ishtirok etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90400 | Инструменты