Chernogoriya hukumati Setinedagi qotillikdan keyin qurol saqlash shartlarini kuchaytirishga qaror qildi. Tez orada mamlakatda yangi tegishli qonun kuchga kiradi. Bu haqda 3 yanvar kuni Bosh vazir Miloyko Spaich ma’lum qildi.
Miloyko Spaich kecha, 3 yanvar kuni Milliy xavfsizlik kengashining bir necha soat davom etgan yig‘ilishiga raislik qildi. Bu vaqtda poytaxt Podgoritsadagi hukumat binosi derazalari ostida yuzlab odamlar yomg‘ir yog‘ishiga qaramay, miting o‘tkazdi. Ular hukumatni qurol nazorati siyosatining samarasizligida aybladi.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi o‘qotar qurol litsenziyasi egalari 2026 yilning 1 yanvariga qadar qo‘shimcha psixologik ko‘rikdan o‘tishi kerak, aks holda ularning litsenziyalari bekor qilinadi. Ruxsatsiz qurolga ega bo‘lganlarga ularni topshirish uchun ikki oy vaqt berildi. Aks holda, ular jarimaga tortiladi. Biroq u jarima miqdorini ochiqlamadi.
"Bu odamlarga rahm-shafqat bo‘lmaydi. Qurolning mavjudligi haddan tashqari qo‘rqinchli va uni an’analar bilan oqlab bo‘lmaydi", dedi Spaich.
Chernogoriya aholisining qo‘lida ro‘yxatdan o‘tmagan qurollar soni "boshqa Bolqon mamlakatlaridagi kabi" o‘n minglab birliklarga baholanmoqda. Podgoritsa rasmiylari ko‘p yillardan buyon fuqarolarni noqonuniy qurollarni topshirishga chaqirib keladi, ammo natija bo‘lmadi. Shveysariyaning kichik qurollarni o‘rganish loyihasining xabar berishicha, 620 ming aholiga ega Chernogoriyada deyarli 245 ming o‘qotar qurol bor.
Eslatib o'tamiz, 1 yanvar kuni Setine shahridagi barda 45 yoshli erkak o‘t ochgan, so‘ng ko‘chaga chiqib, o‘tkinchilarga qarata o‘q uzgan. Hujumchi ikki bola va o‘z singlisini o‘ldirgan. Yana to‘rt kishi jarohat oldi, birining ahvoli og‘ir. Mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10617 | Инструменты