AQSH prezidenti Air Force one samolyoti bortida jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya prezidentiga ishonishini va uning to‘g‘ri yo‘l tutib, tinchlik kelishuvini imzolashini bildirdi.
"Men Putin o‘z so‘zidan qaytadi deb o‘ylamayman. Uni anchadan beri taniyman. Biz har doim yaxshi chiqishib kelganmiz", — dedi Tramp.
Shu bilan birga, u Putinning Ukrainada BMTning vaqtinchalik boshqaruvini joriy etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamasligini ham bildirdi.
"Putin oxirgi bir-ikki kun ichida aytgan baʼzi gaplar Ukraina prezidenti bilan bog‘liq. Putin Zelenskiyni ishonchli deb hisoblamasa ham, baribir u bilan kelishuvga erishishi kerak", — deya fikr bildirdi Qo‘shma Shtatlar yetakchisi.
Shuningdek, Tramp NBC telekanalining Oq uy Rossiyaga tinchlik bitimini imzolash uchun bir oy muhlat bergani haqidagi xabarlarini ham rad etdi. U Putin uchun aniq bir muddat belgilanmaganini taʼkidladi.
"Bu psixologik muddat. Agar men ularning faqat vaqtni cho‘zayotganini bilsam, bu menga yoqmaydi", — deya qo‘shimcha qildi AQSH yetakchisi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40206 | Инструменты