Huawei 1
Donald Tramp: Vashingtondagi samolyot halokatining oldini olish mumkin edi

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington yaqinidagi Reygan aeroporti hududida yo‘lovchi samolyoti va harbiy vertolyotning to‘qnashuviga izoh berar ekan, ushbu halokatning oldini olish mumkin bo‘lganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchi samolyoti standart qo‘nish yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan, vertolyot ekipaji esa kursini o‘zgartirishi lozim edi.

“Samolyot mukammal va oddiy qo‘nish traektoriyasi bo‘ylab harakatlanayotgan edi. Vertolyot esa uzoq vaqt davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga qarab yo‘nalgan. Tunda osmon ochiq edi, samolyot chiroqlari yonib turardi — nega vertolyot ko‘tarilmadi, pastga tushmadi yoki burilmadi? Nega dispetcherlik minorasi aniq ko‘rsatmalar berish o‘rniga, vertolyot ekipajidan samolyotni ko‘rayotganini so‘radi? Bu yomon vaziyat, uning oldini olish mumkin edi”, — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

American Airlines aviakompaniyasi bosh direktori Robert Ayson, kompaniyaga tegishli samolyot ishtirokida yuz bergan fojia munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

“Bu barchamiz uchun og‘ir kun”, — dedi u ABC News e’lon qilgan videomurojaatida.

PSA Airlines (American Airlines’ning sho‘ba korxonasi) aviakompaniyasiga tegishli Bombardier CRJ700 yo‘lovchi samolyoti 29-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 21:00 da (Toshkent vaqti bilan 30-yanvar 07:00 da) qo‘nish vaqtida harbiy Sikorsky H-60 vertolyoti bilan to‘qnashgan. Samolyot qoldiqlari Potomak daryosiga qulagan.

Samolyot bortida 60 nafar yo‘lovchi va 4 ekipaj a’zosi, vertolyotda esa 3 nafar harbiy xizmatchi bo‘lgan. CBS ma’lumotlariga ko‘ra, qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davomida daryodan kamida 18 jasad chiqarilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13023 | Инструменты