Telegram asoschisi Pavel Durovga qarshi Fransiyada ochilgan ish kamida bir yildan yoki undan ham uzoqroq muddatdan keyin sudga oshiriladi. Bu haqda fransuz prokuraturasining vakili Maylis de Rek ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha biror-bir tinchlik kelishuvini muhokama qilishga erta. Durov ishi bo‘yicha Wired’da e’lon qilinga katta materialda ta’kidlanishicha, Telegram asoschisi «Fransiyada qolib ketgan», uning messenjeri esa «o‘zini almashtirib bo‘lmaydigan inson sifatida tanishtirib kelgan yetakchisi qachon almashishini» kutgan holda «muallaq holatda» turibdi.
De Rekning aytishicha, uning jamoasi Telegram jinoyatchilar bilan bog‘liq ma’lumotlarni so‘rab yo‘llangan murojaatlarga javob qaytarmagani tufayli turli departamentlardagi tergovlar to‘xtab qolganini tushunib yetgach, Durovni hibsga olishga order berilgan. Huquq-tartibot organlarining fikricha, Durovning sukut saqlashi jinoyatga sheriklik bilan teng.
Liberation nashri ma’lumotlarga ko‘ra, fransuz jandarmeriyasining o‘zi 2013 yildan 2024 yilga qadar Telegramʼga 2460 ta yuridik so‘rov yuborgan va ular javobsiz qoldirilgan.
Telegramʼning tashqi va hukumat bilan aloqalarini boshqargan Yuliya Konli platformada sodir bo‘lgan barcha narsalar uchun mas’uliyat Durov zimmasiga yuklanishini «bema’nilik» deya hisoblashini aytdi.
Telegram asoschisi Pavel Durov 2024 yil avgust oyi oxirida Parij aeroportida hibsga olingan edi. U messenjerni yetarlicha moderatsiya qilmaganlikda gumon etilmoqda. Jandarmeriya ma’lumotlariga ko‘ra, bu va uning hamkorlik qilishdan bosh tortishi uni bolalar pornografiyasi, firibgarlik va boshqa jinoyatlarni tarqatishda sherik qiladi. Keyinroq Durov 5 million yevro garov va haftasiga ikki marta politsiya bo‘limiga xabar berish majburiyati evaziga ozod qilindi.
Joriy yilning yanvar o‘rtalarida Durov fransiyalik tergovchilarga foydalanuvchilarning messenjer qoidalariga bo‘ysunishini muntazam nazorat qilish jarayonini yaxshilashga va’da bergandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20613 | Инструменты