Kiyevdagi rasmiylar NATOga a’zo bo‘lish evaziga Ukraina hududlarining bir qismini Rossiyaga berish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
“Kiyevning ba’zi amaldorlari Rossiya nazorati ostidagi barcha hududlarni qaytarib olish uchun shaxsiy tarkib, o‘t ochish kuchi va G‘arb ko‘magining yetishmasligidan xavotirga tushmoqda”, deyiladi maqolada.
Ta’kidlanishicha, Rossiya “Ukraina hududining taxminan beshdan bir qismi ustidan amaldagi nazoratni saqlab qolishi” haqidagi kelishuv muhokama qilinmoqda. Hududlar evaziga Kiyev xavfsizlik kafolatlarini olishni kutmoqda. Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi masalasi ham ko‘tarilishi mumkin.
“Kelajak uchun eng yaxshi imkoniyat — mamlakatning katta qismini saqlab qoladigan muzokaralar orqali kelishuvga erishishdir”, deyiladi maqolada.
Yaqinda NATOning yangi bosh kotibi Mark Ryutte Ukraina alyansdan o‘rin olishi kerakligini aytgandi. U Vashingtondagi sammitda va’da qilingan yordam paketini amalga oshirishga chaqirgan.
“Bu qo‘mondonlik tuzish, moliyaviy yordam ko‘rsatish va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish yo‘lidagi qaytarib bo‘lmas harakatiga taalluqlidir”, degan u.
Maqolada yozilishicha, mazkur ssenariy juda optimistik taxminlarga asoslanadi. Ulardan biri shuki, AQSH va uning ittifoqchilari Kiyevga ittifoqqa kirish uchun aniq yo‘l berishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, NATOga a’zolik yoki zarur kafolatlarni taklif etishga tayyor bo‘lishi kerak.
“Bu AQSH va uning hamkorlaridan juda katta va qimmatga tushadigan harbiy kuchlarni joylashtirishni talab etadi hamda ularni sovuq urush davridagiga o‘xshash xavfli vaziyatda qoldiradi”.
Ikkinchi taxminga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin muzokaralarga borishi mumkin. Ammo Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga to‘sqinlik qilish uning urush maqsadlaridan biri edi. Putin o‘z kuchlari hali ham yutuqlarini kengaytirishi mumkinligiga ishonar ekan, tinchlik uchun hududiy muzokaralarga rozi bo‘lishi shubhali.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122119 | Инструменты