Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-sotsial ittifoq (XSI) konservativ blokidan Germaniya kanslerligiga nomzod Fridrix Mers qisqa muddatda hukumatni shakllantirishni talab qildi. Bu boradagi bayonotni u 23 fevral kuni bundestag saylovlarining dastlabki norasmiy natijalari e’lon qilganidan keyin bildirdi.
Ekzit-polga ko‘ra, XDI/XSI saylovchilarning 29 foiz ovozini to‘plagan. «Germaniya uchun muqobil» ultrao‘ng partiyasi 19,6 foiz ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Germaniya sotsial-demokratlar partiyasi — 16 foiz, «Ittifoq-90»/«Yashillar» esa 13,3 foiz ovoz to‘plagan. So‘llar partiyasida esa ushbu ko‘rsatkich 8,6 foizni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, Germaniyaning amaldagi kansleri Olaf Shols saylovlardagi mag‘lubiyatini tan oldi.
«Bu —Sotsial-demokratlar partiyasi uchun saylovning achchiq natijasi. Saylov natijalari uchun men ham mas’ulman», — dedi Shols.
U Mers va XDI/XSIni parlament saylovlaridagi g‘alaba bilan tabrikladi.
«Biz demokratik mamlakatda yashayapmiz», — deydi Shols raqibining g‘alabasiga shama qilib.
Shu bilan birga, u Germaniyada qariyb 20 foiz saylovchi ultrao‘ng «Germaniya uchun muqobil» partiyasiga ovoz berganini qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
23 fevral kuni Germaniyada muddatidan oldin parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Mamlakatda 59,2 million saylovchi bor, ularning 24,9 millioni (42 foiz) — 60 yoshdan kattalar. Saylovchilarning 2,3 millionga yaqini esa (3,9 foiz) 18 yoshga to‘lgan va federal saylovlarda ilk bor ovoz berayotgan yoshlardir.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oxirlarida Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer mamlakat parlamentini (bundestag) tarqatib yuborib, 2025 yil 23 fevral kuni muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishini belgilagandi.
«Hozirgidek murakkab davrda barqarorlikni ta’minlash uchun salohiyatli hukumat va parlamentda ishonchli ko‘pchilik talab etiladi», — degandi u.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22413 | Инструменты