Huawei 1
Makron va Starmer Tramp bilan Ukrainaga 30 ming harbiy yuborishni muhokama qiladi - WSJ

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Donald Tramp bilan uchrashib, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasini muhokama qilmoqchi. Shuningdek, ular AQSh prezidentiga 30 ming tinchlikparvar kuchlarni Ukraina hududiga joylashtirish taklifini berishni rejalashtirgan, deb yozadi The Wall Street Journal.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Makron Amerika prezidenti bilan ertaga, 24 fevral kuni, Starmer esa 27 fevral kuni uchrashadi. WSJ manbalarining qayd etishicha, Fransiya va Britaniya rejasi Moskva va Kiyev o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan taqdirda amalga oshishi mumkin. Ularning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar AQSh roziligisiz bunday qadamni tashlamaydi, shu bois Trampni Vashingtonning Ukrainada «cheklangan harbiy roli»ni joriy etishga ko‘ndirish rejalashtirilgan.

Rejaga muvofiq, AQSh harbiy salohiyatining Yevropa Ittifoqida yetishmayotgan qismidangina foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, AQSh Ukraina bilan chegaradosh davlatlarni havo hujumidan mudofaa tizimi bilan ta’minlasa, qolgan tizimlarni YeI taqdim etadi. Shu bilan birga, britan va fransuz harbiylari front chizig‘iga yaqinlashmagan holda muhim infratuzilmalar, shahar va portlar himoyasini ta’minlaydi.

Avvalroq Bloomberg uchun intervyuda Vladimir Zelenskiy 200 ming raqami ko‘proq majoziy ekani va kontingentning haqiqiy soni Rossiya talab qiladigan ukrain armiyasi miqdoriga bog‘liq bo‘lishi kerakligini aytgandi. 

«Agar biz uni [ukrain armiyasini] 200, 300 yoki 500 mingga qisqartirsak, qisqartirganimiz o‘rniga boshqa qo‘shinlar kerakligini anglatadi», — degan Ukraina prezidenti.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22416 | Инструменты