Oziq-ovqat allergiyasi — dunyoda tobora keng taraqalayotgan patologiyalar sirasidan. Tahlillarga ko‘ra, bundan asosan bolalar, ayniqsa, emizikli go‘daklar ko‘p aziyat chekadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova kuchli allergen hisoblangan oziq-ovqat mahsulotlari haqida maʼlumot berdi.
— Bolalarda bu turdagi kasallik rivojlanishiga ko‘p hollarda onaning homiladorlik yoki emizikli davrida noto‘g‘ri ovqatlanishi sabab bo‘ladi, — deydi mutaxassis.
— Qolaversa, go‘dak sunʼiy aralashmalar bilan oziqlantirilsa, chala tug‘ilsa yoki oshqozon-ichak, o‘t, jigar xastaliklaridan aziyat cheksa ham, oziq-ovqat allergiyasi yuzaga kelishi mumkin.
Sigir suti — kuchli allergiya qo‘zg‘atuvchi mahsulot hisoblanadi. Tarkibida f2, Bos d 4, Bos d 5, Bos d 6, Bos d 8, Bos d 9, Bos d 10, Bos d 11, Bos d 12 allergenlari mavjud. Ularga 5-6 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarda allergiya kuzatiladi.
Tovuq tuxumi ham keng tarqalgan allergenlar jumlasidan. U ovalbumin, ovomuyeoid, ovotransferrin va ovomutsin oqsillar guruhlarini o‘z ichiga oladi. Bu moddalar molekulyar darajada o‘rganilganda, Gal d1, Gal d2, ovomukoid, Gal d3, Gal d4 allergenlari reaksiyalarni yuzaga keltirishi maʼlum bo‘ldi.
Baliq — kuchli allergen. Uning go‘shtida parvaalbumin va tropomiozin oqsil guruhlari mavjud. Molekulyar darajadagi o‘rganishlar uning tarkibida Cyp c1, Gad c 1, Gad m 1 allergenlari borligini tasdiqladi.
Bug‘doy va soya ham baʼzida allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Masalan, soya tarkibini molekulyar darajada o‘rganish natijasida uning tarkibida Gly m 1, Gly m 5, Gly m 6 allergenlari mavjudligi aniqlandi.
Go‘sht mahsulotlari orasida esa parranda va ot go‘shti boshqalariga nisbatan ko‘proq allergen xususiyatga ega.
Sitrus mevalar, qulupnay va yertut ham ko‘proq allergiya qo‘zg‘aydi. Yong‘oqqa allergiyasi bo‘lganlarning aksariyati esa ushbu meva daraxti changiga ham taʼsirchan bo‘ladi.
Kattalarda allergiya rivojlanishiga sabab bo‘luvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan birinchisi yeryong‘oqdir. Bu mahsulot ko‘p hollarda anafilaktik reaksiyani keltirib chiqaradi.
Undan so‘ng turli xil yong‘oqlar, kunjut, asal, shaftoli, uzum, malina, sabzi, shokolad, kofe va kakao allergiya chiqaruvchi mahsulotlar ro‘yxatidan joy olgan.
Oziq-ovqat allergiyasidan aziyat chekadigan yoki bunga moyil kishilar shifokorlar ko‘rigidan o‘tib, ularning tavsiya va ko‘rsatmalariga qatʼiy amal qilishlari lozim.
Hozir markazimizda kasallikka aniq va tezkor tashxis qo‘yish hamda uni samarali davolash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22414 | Инструменты