Google jamoasi an’anaga muvofiq “qidiruvlar” bo‘yicha yil sarhisobini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2024 yilda dunyo bo‘ylab Google’dan eng ko‘p qidirilgan mavzular orasida Donald Trampning AQSh prezidenti sifatida qayta saylanishi, Parijdagi Olimpiya o‘yinlari va Dubay shokoladi bor.
Bundan tashqari platforma foydalanuvchilari eng yoqimtoy begemot Mu Deng, SpaceX kompaniyasining yutuqlari va tabiiy ofatlar haqidagi yangiliklardan boxabar bo‘lish uchun Google qidiruvidan ko‘p foydalangan.
Odamlar vayronkor suv toshqinlari va quyosh tutilishi kabi noyob tabiiy hodisalarga oid ma’lumotlarga katta qiziqish bildirdi, deyiladi kompaniya hisobotida.
Xonanda Selin Dionning chiqishi yilning eng asosiy kambeki bo‘ldi.
Ko‘p qidirilgan mavzular ro‘yxatiga, shuningdek, kino va sport sohasidagi unutilmas voqealar kiritilgan: aktrisa Lili Gladstounning “Oltin globus” bilan taqdirlanishi, Mayk Tayson haqidagi ma’lumotlar, jazoirlik bokschi Iman Xelif bilan bog‘liq mojarolar, amerikalik gimnastikachi Simona Baylzning chiqishi shular jumlasidandir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121620 | Инструменты