Ikki yil avvalgi poyezd halokati qurbonlarini xotirlash uchun o‘tkazilgan ommaviy namoyishlar Gretsiyaning Afina va Saloniki shaharlarida tartibsizliklarga sabab bo‘ldi. 28 fevral, juma kuni ertalab minglab odamlar 2023 yilda sodir bo‘lgan yirik poyezd halokati qurbonlari yaqinlarining chaqirig‘iga javoban Gretsiya parlamenti oldiga kelib, chuqur tergov o‘tkazish va aybdorlar jazolanishini talab qildi, deb yozadi dpa.
Kun yarmiga kelib namoyishchilar soni 180 ming kishidan oshdi. Avvaliga aksiya tinch o‘tgan bo‘lsa, keyinchalik ayrim joylarda namoyishlar ko‘chadagi tartibsizliklarga aylanib ketdi. Namoyishda qatnashgan «Qora blok» deb ataluvchi so‘l radikallar politsiyaga qarata mash’alalar va turli buyumlar otishni boshladi. Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqin granatalari bilan javob berdi.
Namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar Salonikida ham sodir bo‘ldi. Gretsiyaning ERT-news telekanali xabariga ko‘ra, Tempidagi fojia munosabati bilan Gretsiyaning 220 shahrida, shuningdek, xorijning 82 shahrida miting va namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Ularda 300 mingdan ortiq kishi qatnashdi.
Gretsiya fuqarolari halokat sabablari qanday o‘rganilayotganidan norozi
2023 yilning 28 fevralidan 1 martga o‘tar kechasi Gretsiya shimolidagi Tempi shahrida Afina-Saloniki yo‘lovchi poyezdi va yuk poyezdi o‘rtasida yuzma-yuz to‘qnashuv yuz berdi, natijada 57 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar jarohatlandi. Ushbu avariya Gretsiyadagi temiryo‘l aloqasi tarixidagi eng halokatli voqea bo‘ldi.
Hodisadan so‘ng temiryo‘l kasaba uyushmalari vakillari Afina-Saloniki yo‘nalishida xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq muammolar haqida gapirdi. Ularga ko‘ra, poyezdlar tezligi 160 km/soatga yetgan bir qator uchastkalarda yorug‘lik signalizatsiyasi va avtomatik boshqaruv tizimlari ishlamagan, poyezdlar harakati monitorlarda ko‘rsatilmagan. Mashinistlar aslida poyezdlarni qo‘lda boshqargan.
Tergov xulosasiga ko‘ra, avariyaga ham inson xatosi, ham Gretsiya temiryo‘l tizimidagi jiddiy tuzilmaviy kamchiliklar sabab bo‘lgan. E’lon qilingan ekspert xulosasiga ko‘ra, yuk poyezdi «noqonuniy» yuklarni, jumladan portlovchi kimyoviy moddalarni ham olib ketayotgan bo‘lib, to‘qnashuv natijasida yonib ketgan. Gretsiyada ko‘pchilik hodisa sabablari qanday o‘rganilayotganidan norozi bo‘ldi. Qurbonlarning yaqinlari vazirlar mahkamasi faktlarni va aybdorlarni yashirmoqda, deb hisoblamoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30120 | Инструменты