Checheniston rahbari Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga haqiqiy urush qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yishga chaqirdi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qit’alararo ballistik raketa bilan Ukrainaning Dnepr shahriga zarba bergani haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi.
Rossiya armiyasi 21-noyabr kuni ilk bor Dnepr shahriga “Oreshnik” qit’alararo ballistik raketasini uchirdi. Putin bu Ukrainaning Rossiyaga qarshi G‘arb qurollaridan foydalanishiga javob ekanini aytdi.
Bunday dushman zarbalariga javoban, ularning harbiy obyektlarini tosh ustiga tosh qolmaydigan darajada trotil bilan yo‘q qilish vaqti keldi. Ko‘ryapsizmi, ular G‘arbda issiq va tinch o‘tirishibdi. Qani, haqiqiy urush nimaligini o‘z terilarida his qilishsin, dedi siyosatchi.
Qodirov “urushda o‘z ishtirokini ochiqchasiga tan olishdan qo‘rqayotgan davlatlarning obyektlariga” ham kuchli zarba berishga chaqirdi.
Oliy bosh qo‘mondon (Putin) to‘g‘ri ta’kidlaganidek, ishlab chiqaruvchi mamlakatlarning bevosita ishtiroki bo‘lmasa, o‘rta va qisqa masofali raketalardan foydalanish imkonsiz. Ishonchim komilki, bunday javobdan so‘ng darhol muzokaralar haqida shama qila boshlashadi, ammo bu muzokaralar stoliga faqat bitta talab bilan o‘tirish kerak bo‘ladi — Rossiyaning barcha shartlarini muhokama qilmasdan va muruvvat so‘ramasdan so‘zsiz bajarish, dedi u.
Checheniston rahbari G‘arbni hayratga keltirish uchun Rossiyaning uzoqqa uchuvchi qurollarining qudratini ko‘rsatib qo‘yishga chaqirdi.
Ular Rossiya bilan haqiqiy urushni xohlashgandi-ku? Unday bo‘lsa, to‘ygunlaricha olsinlar! Oliy Bosh qo‘mondonimizni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman!, xulosa qildi Ramzan Qodirov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112303 | Инструменты