Huawei 1
Hindistonda havo ifloslanishi millionlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda

Karolina instituti o‘tkazgan yangi tadqiqotga ko‘ra, havo ifloslanishining uzoq muddatli ta’siri Hindistonda millionlab kishilarning vafotiga sabab bo‘lmoqda. The Lancet Planetary Health jurnalida e’lon qilingan ushbu tadqiqot mamlakatda havo sifatining yanada qat’iyroq me’yorlarini joriy etish zarurligini ta’kidlaydi.

Havodagi zararli zarrachalar (PM2.5) o‘pka va qonga kirib borishi mumkin, bu esa Hindiston aholisi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Olimlar mazkur zarrachalar va o‘lim ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘n yillik (2009 yildan 2019 yilgacha) davr mobaynida o‘rganib chiqdi. Tadqiqot Hindistonning 655 ta tumani ma’lumotlariga asoslangan.

“Har bir kub metrda PM2.5 konsentratsiyasi 10 mikrogrammga oshganda, o‘lim ko‘rsatkichi 8,6 foizga ko‘tarilishini aniqladik”, — dedi tadqiqot muallifi va Karolina instituti qoshidagi Atrof-muhit tibbiyoti institutining ilmiy xodimi Petter Lyungman.

Tadqiqot davomida havo ifloslanishi darajasidagi o‘zgarishlar va o‘lim ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, ushbu davr mobaynida taxminan 3,8 million o‘lim holati Hindistonda havo ifloslanishi belgilangan me’yordan 40 mikrogramm/kub metr oshgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan tavsiya etilgan yanada qat’iy me’yorlar (bir kub metr havoda atigi 5 mikrogramm) bilan solishtirilganda, ushbu raqam 16,6 million o‘limgacha ko‘tariladi. Bu o‘n yillik davr mobaynida qayd etilgan barcha o‘limlarning deyarli 25 foizini tashkil etadi.

Tadqiqotda, shuningdek, Hindistonning butun aholisi PM2.5 darajasi JSST me’yorlaridan yuqori bo‘lgan hududlarda istiqomat qilishi ta’kidlab o‘tilgan. Ya’ni qariyb 1,4 milliard kishi har yili sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan iflos havodan nafas olmoqda. Ba’zi hududlarda ifloslanish darajasi bir kub metrga 119 mikrogrammgacha yetgan, bu JSST va Hindiston xavfsiz deb hisoblagan darajadan ancha yuqori.

“Hindistonda mavjud me’yorlar sog‘liqni muhofaza qilish uchun yetarli emas. Chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha yanada qat’iyroq qoidalar va choralar g‘oyat muhim”, — deb ta’kidladi Petter Lyungman.

2017 yildan buyon Hindiston hukumati havo sifatini yaxshilash maqsadida havoning ifloslanishiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy dasturni amalga oshirib kelmoqda. Shunga qaramay, ko‘plab hududlarda PM2.5 konsentratsiyasi o‘sishdan to‘xtagani yo‘q.

Tadqiqotchilar mahalliy darajada chiqindilarni kamaytirish hamda havo ifloslanishining uzoq masofaga tarqalishini hisobga olish muhimligini ta’kidlamoqda — PM2.5 zarrachalari yuzlab kilometr masofaga ko‘chishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10216 | Инструменты