Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev bu yilgi parlament saylovlarining eng muhim jihatlari haqida to‘xtaldi

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq so‘zlamoqda.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda deputat degan sharafli nomga sazovor bo‘lganlarni tabrikladi.

Bu yuksak ishonch ularning boy bilimi va hayotiy tajribasi, el-yurtimiz farovonligi yo‘lida qilayotgan fidoyi mehnatiga nisbatan xalqimizning ulkan hurmat va ehtiromi ifodasi ekani taʼkidlandi.

Har qanday saylov davlat va jamiyat uchun muhim siyosiy jarayon. Ayniqsa, jahondagi bugungi keskin va tahlikali vaziyatda bunday umumxalq tadbirlarini o‘tkazish yana-da katta masʼuliyat talab etadi. Turli mintaqalarda urush va janjallar, qarama-qarshilik va ziddiyatlar avj olib bormoqda.

Ana shunday g‘oyat murakkab davrda saylovlarni osoyishtalik sharoitida, emin-erkin o‘tkazganimiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikdan dalolat beradi. Prezident barchamiz bu bebaho boyligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashimiz va mustahkamlashimiz kerakligini qayd etdi.

Xorijiy tashkilotlar va kuzatuvchilar ham bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlari xalqaro standartlarga to‘la mos holda o‘tganini eʼtirof etib, ularga yuqori baho bergani taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari bu yilgi parlament saylovlarining eng muhim jihatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Avvalo, ular yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq o‘tkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirdi. Huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan, masʼuliyati bir necha karra ortgan yangi xalq vakilligi tizimi shakllantirildi.

Bundan tashqari, o‘tgan sakkiz yillik davrda xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan o‘zgardi, siyosiy madaniyati sezilarli darajada yuksaldi. Siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli va ishtiroki kuchaydi.

Bularning barchasi aralash saylov tizimini joriy etishga mustahkam zamin yaratdi. Ko‘plab davlatlarda bunday islohotlarni o‘tkazish uchun o‘n yillar kerak bo‘lgan. Shu maʼnoda, O‘zbekiston aralash saylov tizimini qisqa fursatda, dadil joriy etishga erishgan kam sonli mamlakatlardan biri, deyishga munosibdir.

Yangi tizim har bir saylovchining ovozi Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rni uchun muhim ekanini, bu borada adolat tamoyili yana-da kuchayganini ham ko‘rsatdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111815 | Инструменты