Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Isroilning Suriyaga qarashli hududlarni ishg‘ol qilgani va infratuzilma obyektlariga zarbalar berganini keskin qoraladi.
Joriy yil 8-dekabr kuni Suriyada Bashar Asad hokimiyati qulab, o‘zi Moskvaga qochganidan keyin Isroil qo‘shini Jo‘lon tepaligidagi qurolsizlantirilgan zonani kesib o‘tib Suriya hududiga bostirib kirdi. Strategik ahamiyatga ega Ash-Shayx tog‘ini egalladi va Quneytra muzofotidagi qishloqlarda kommendantlik soati joriy qildi.
IHTga ko‘ra, Isroil bu harakatlari bilan BMT rezolyutsiyalari va xalqaro huquqni jiddiy ravishda buzdi.
Ta’kidlanishicha, Suriyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi va barqarorlik saqlanishi lozim.
"IHT bosh kotibiyati Suriya xalqini qo‘llab-quvvatlaydi va uning siyosiy tanlovini hurmat qiladi. Biz mamlakatdagi barcha siyosiy partiyalarni Suriya xalqi manfaatlarini himoya qilish borasida mas’uliyatni tan olishga chaqiramiz. Siyosiy partiyalarni hukumatning o‘tish davri tinch va xavfsiz sharoitda, Suriya Arab Respublikasining hududiy yaxlitligi va institutlari faoliyati kafolatlangan tarzda kechishiga da’vat etamiz", – deyiladi xalqaro tashkilot bayonotida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121200 | Инструменты