Huawei 1
Isroil Bayrutga zarba berib, "Hizbulloh" yetakchilaridan biri Ibrohim Oqilni o‘ldirdi

Isroil armiyasi Livan poytaxti Bayrutga “maqsadli zarba” bergani, shuningdek, “Hizbulloh” qo‘mondoni Ibrohim Oqil o‘ldirilganini ma’lum qildi.

Livan rasmiylariga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lgan, 100 ga yaqin kishi jarohatlangan.

Isroil armiyasi maʼlumotlariga ko‘ra, zarbada “Hizbulloh”ning al-Haj Radvan kuchlariga (Livan guruhi tarkibidagi maxsus bo‘linma) tegishli boshqa yuqori martabali yetakchilari ham halok bo‘lgan. Hujum mahalliy vaqt bilan soat 16:00 atrofida sodir bo‘lgan.

Bu joriy yil boshidan beri Isroilning Livan poytaxtiga uchinchi marta zarba berishidir. Yanvar oyida HAMAS siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari Solih al-Auriy Isroilning Bayrutga bergan havo hujumi oqibatida halok bo‘lgan edi. Iyul oyida “Hizbulloh” harbiy qo‘mondoni Fuad Shukr navbatdagi zarba qurboni bo‘lgan edi.

17-sentyabr kuni butun Livan bo‘ylab minglab peyjerlar portlagani, 18-sentyabr kuni esa boshqa aloqa qurilmalari portlagani haqida xabar berilgan edi. Hodisalar oqibatida 37 kishi halok bo‘lgan, 2600 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Ma'lumot o'rnida, Oqil “Hizbulloh”ning harbiy amaliyotlarini boshqargan. U 1983-yilda Bayrutdagi AQSH elchixonasiga (63 kishi halok bo‘lgan) va Bayrutdagi amerikalik hamda fransuz askarlarining kazarmalariga (307 kishi halok bo‘lgan) uyushtirilgan hujumlarda ishtirok etgani bilan tanilgan.

2019-yilda Qo‘shma Shtatlar Oqilni terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan, 2023-yilda esa Amerika Davlat departamenti uning qayerda ekanligi haqidagi ma’lumot uchun 7 million dollar to‘lashini ma’lum qilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92112 | Инструменты